2024-yil 18-oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida shu mavzuda “Raqamli asrda huquq” turkumining XIII Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya aloqa tarzida tashkil etilgan anjuman ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga joriy etilmoqda. Agar joriy yil boshida mamlakatimizda raqamli xizmatlar hajmi 21 trillion so‘mdan oshgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 43 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. IT-parklar rezidentlari soni 2 ming nafardan oshdi. Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar soni esa 32 ming nafarga yetdi.
Sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, qurilish kabi sohalarda raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Biroq, shu bilan bir qatorda, sun’iy intellektdan foydalangan holda huquqbuzarlik holatlari qayd etilmoqda. Bu esa sohani tartibga solish uchun qonunchilik bazasini yaratishni taqozo etyapti.
Prezidentimizning 2021-yildagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va “Sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va joriy etish chora-tadbirlari dasturi” hamda bu borada ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha sinov loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-oktyabrdagi qarori asosida Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi.
A.Saidov o‘z chiqishida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning yuqorida ko‘rsatilgan va boshqa huquqiy asoslari, bu boradagi O‘zbekiston tajribasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, “sun’iy intellekt”, “kiber zo‘ravonlik” va “kiberbulling” tushunchalarini, raqamli tafovut, onlayn muhitda inson huquqlarini ta’minlash va kamsitmaslik, madaniy xilma-xillikni saqlash tamoyillarini qonunchilikda mustahkamlab qo‘yish hamda “insonning raqamli huquqlari” taxminiy ro‘yxatini belgilash bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.
Anjuman davomida ishtirokchilar sun’iy intellektni rivojlantirish uchun qulay muhitni saqlash, internetda kontent yaratish uchun sun’iy intellektdan foydalanishning amaliy va huquqiy jihatlari, sun’iy intellektni o‘qitish uchun ma’lumotlarning foydalanish uchun ochiqligi va xavfsizligi, generativ sun’iy intellekt tug‘diradigan xavf va tahdidlar hamda boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
Konstruktiv ruhda o‘tgan anjuman yakunlari bo‘yicha sohani rivojlantirish va huquqiy tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 625
- Chop etish