PEKIN, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Pekindagi elchixonasi tashabbusi bilan Xitoy inson huquqlari tadqiqotlari jamiyatida joriy yilning 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Xitoy inson huquqlari tadqiqotlari jamiyati ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango, XKP Markaziy qo'mitasi vakillari, ilmiy xodimlar va olimlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillabayev o'z nutqida, ishtirokchilarni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan "O'zbekiston — 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar sharoitida bo'lib o'tadigan parlament saylovining yangi huquqiy jihatlari bilan tanishtirdi.
O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar markazida inson turishi, reformalar "davlat – inson uchun" tamoyili asosida olib borilayotgani ta'kidlandi.
Jamiyat ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango o'z chiqishida, O'zbekiston keng ko'lamli islohotlari orqali yuksak natijalarni qo'lga kiritayotgani, o'zining taraqqiyot yo'lida ildam borayotganini ta'kidladi.
"O'zbekiston turli jabhalarda jahon hamjamiyati e'tirof etayotgan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. Shubhasiz parlament saylovlari yangi O'zbekiston ravnaqi, xalq farovonligiga xizmat qiladi. Biz do'st O'zbekiston yutuqlarini qo'llab quvvatlaymiz", dedi u.
Jamiyat bosh kotibi o'rinbosari Chjen Danxun yangi O'zbekistonda o'tgan yili qabul qilingan yangi Konstitutsiya asosida mamlakat parlamenti katta vakolatlarga ega bo'ldi. Shu ma'noda bo'lajak parlament saylovlari muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat direktori Lyu Tao ham o'z fikrlari bilan o'rtoqlashib, quyidagilarni ta'kidladi.
"O'zbekistonga shu yil iyul oyida tashrifimiz davomida samarali uchrashuvlar o'tkazdik. O'zbekistondagi islohotlar jarayonini biz katta qiziqish bilan kuzatishda davom etmoqdamiz. Hamkorligimiz yuksalib borayotganidan mamnunmiz", - dedi Lyu Tao.
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 713
- Chop etish