Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq

25-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda mahorat darsi tashkil etildi.  Unda Toshkent davlat yuridik universiteti “Xususiy huquq” fakultetining  2-bosqichida tahsil oluvchi 90 nafar talaba ishtirok etdi.

Mashg‘ulot Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi hamda 2020-yil 29-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi. Mahorat darsida bo‘lajak huquqshunoslar Milliy markazning yurtimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish, inson qadr-qimmatini yanada oshirish borasida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F.Hayitboyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarga Milliy markazning tashkil etilishi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng talabalarga Milliy markaz faoliyatiga oid videorolik taqdim etildi.

Milliy markaz direktorining yordamchisi O.Ahmedov Milliy markazning xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari bilan hamkorligi, milliy ma’ruzalarni tayyorlash hamda BMT qo‘mitalariga taqdim etish mexanizmlari haqida so‘zladi.

Shuningdek, Milliy markaz xodimlari D.Rahmatjonova, N.Sultonov va A.Muhrimboyev gender tenglik, inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalalari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari bilan ishlash, inson huquqlarini himoya qilish borasida milliy va xalqaro darajadagi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari xususida batafsil axborot berdilar.

         Tadbir qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Talabalar soha yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech