HAR BIR ISHDA DUOGO‘Y NURONIYLARIMIZ

1-oktyabr – Xalqaro keksalar kuni 

 

Dono xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.

Qur’oni karimning “Rahmon” surasida “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyati zikr etilgani bejiz emas. Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Shu ma’noda, 1-oktyabr – Xalqaro keksalar kuni mamlakatimizda yanada keng va sermazmun nishonlangani tabiiy. Ma’lumki, ushbu xalqaro sana 1990-yil 14-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 45-sessiyasida ta’sis etilgan. Shuningdek, bu borada:

  •  1982-yili Keksalik muammolari bo‘yicha Vena harakatlar rejasi;
  •  1991-yili BMTning Keksalarga muomala-munosabat prinsiplari;
  •  1992-yili Keksalik muammolari bo‘yicha deklaratsiya;
  •  2002-yili Keksalik muammolari bo‘yicha Madrid harakatlar rejasi qabul qilingan.

Ayniqsa, oxirgi xalqaro hujjat XXI asrda aholi yoshining keksayib borishi muammosiga yechim topishda tom ma’nodagi dasturilamal bo‘ldi. Zotan, bugungi kunda rivojlangan davlatlar aholisi tarkibining 25 foizi keksa avlod vakillaridan iborat va ushbu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2015-2030-yillar oralig‘ida 60 yoshdan oshgan insonlar soni 901 million nafardan 1,4 milliard kishiga ortishi mumkin. Bu raqam 2050-yilda 2 milliard nafarni, ya’ni yer yuzi aholisining 20 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda insoniyat boshiga yopirilgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq turli ofatlar insonlar o‘rtasida shusiz ham omonat bo‘lib turgan gender tenglikni badtar tang holga solib qo‘ydi. Chunki koronavirus inqirozi ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, tibbiy va iqlim bilan bog‘liq muammolarning qariyalar, ayniqsa, keksa ayollar hayotiga salbiy ta’sirini kuchaytirib yubordi.

Aholi tarkibida keksa yoshlilar soni ortib borayotgan hozirgi sharoitda qariyalar jamiyat hayotida o‘zlarining faol ishtirokini davom ettira olishlari uchun ularni parvarishlash va qo‘llab-quvvatlash tizimlari prinsipial ahamiyatga egadir. BMT Bosh kotibi 2024-yil 1 okktyabr – Xalqaro keksalar kuni  munosabati bilan bergan bayonotida shunday deb ta’kidladi.

Ammo keksalar ko‘pincha zarur yordamlarni olish imkoniga ega bo‘lmayapti, o‘z navbatida, bunday voqelik ularning yanada nochor holga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi BMT Bosh kotibi bayonotida. Yanada achinarlisi, yetishmovchiliklardan qiynalayotganlarning aksariyat qismi keksa ayollar bo‘lib, ular asosan o‘z yaqinlarini parvarish qilish bilan bog‘liq haq to‘lanmaydigan yumushlarga mashg‘ul.

Parvarishga muhtojlarning va parvarish bilan mashg‘ul shaxslar huquqlarining birdek e’tirof etilishi jamiyat hayoti barqarorligini oshirish uchun juda muhim. Shu nuqtayi nazardan, Antoniu Guterrish dunyo mamlakatlarini keksalarni parvarishlash va qo‘llab-quvvatlash tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha o‘z zimmalariga qat’iy majburiyat olishga chorlagani bejiz emas. Chunki shu yo‘l bilan yoshi ulug‘larimiz va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan mehribon kishilarning qadrini joyiga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Afsuski, BMT mutaxassislari tayyorlagan hisobot xulosalari biz yashab turgan va tobora globallashib borayotgan dunyoda hamma ham birdek bag‘rikeng va nuroniyparvar emasligini ko‘rsatmoqda. Sayyoramiz aholisining teng yarmi, boshqacha aytganda, zamindosh va zamondoshlarimizning har ikki nafaridan bittasi keksalarga nisbatan salbiy munosabatda ekan.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, keksalarning mavjud ehtiyojlari va aniq muammolarini hal etishga e’tiborni yanada oshirishni taqozo etadi. Shuningdek, aksariyat yoshi ulug‘ insonlarga zarur sharoitlar yaratib berilsa, ular hali ham jamiyat hayotiga foyda keltirishda davom etishi bilan bog‘liq imkoniyatlarni hisobga olish talab etiladi.

Bunday sa’y-harakatlarning negizida, albatta, inson huquqlarini rag‘batlantirish mezonlari mujassam. Nega deganda, dunyoning ayrim manzillarida bu boradagi ahvol shundayki, ishxonalarda navqiron xodimlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklardan ko‘pincha yoshi ulug‘ insonlar mahrumdir.

Ishchi-xodimlarning o‘qish-o‘rganish va malaka oshirish imkoniyatlari yoshi o‘tgan sari keskin kamayib boradi. Eng yomoni, yosh va jinsga bog‘liq kamsitishlar, xususan, eydjizm illati keksalarning ahvolini yanada murakkablashtirmoqda.

Eydjizm – insonni yosh belgisi bo‘yicha kamsitish holatini ifodalaydigan xalqaro tushuncha. Bu haqda fikr yuritganda, tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutmaslik kerak.

Gap shundaki, eydjizmdan yoshlarning o‘zlariyam aziyat chekmoqda. Bunda, albatta, tibbiy xizmatdan foydalanish, turar-joyga ega bo‘lish va siyosiy hayotda ishtirok etish kabi masalalarda yoshi ulug‘larning qo‘li ustunroq ekani nazarda tutilmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari eydjizm illatiga qarshi faol kurash olib borish zarurligini ta’kidlagani bejiz emas. Binobarin, insonning yoshiga qarab yondashuv borasida ildiz otgan nomaqbul munosabatlar inson huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkinligidan hamisha ogoh bo‘lish zarur.

Shu nuqtayi nazardan, keksalarni qadrlash uchun bundan 34-yil ilgari alohida bir kunning jahon ko‘lamidagi bayram sanasi sifatida rasman belgilab olinganidan asosiy maqsad navqiron avlodga nuroniy otaxonu onaxonlarimiz doimo alohida g‘amxo‘rlik, mehr-muhabbat va parvarishga muhtojligini eslatib turishdir.

Bu foniy dunyoda hech narsa abadiy emas. Hozirgi yoshlar ham bir kuni keksalik ostonasidan hatlab, izlaridan kelayotgan yangi yosh avlodga joy bo‘shatadilar.

Keksalik davri – bolalik va yoshlik davrlari kabi hayotning tabiiy hamda uzviy bosqichidir. Birgina farq shundaki, inson bolalik va yoshlik yillarida kuch-qudrat hamda azmu shijoatga to‘la bo‘lsa, aksincha, keksalik davrida jismoniy faoliyat mezoni kamayishi va kuch-qudratning zaiflanishi bilan yuzma-yuz keladi.

BMT tomonidan har yili Xalqaro keksalar kuni doirasida qariyalarni himoyalash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida turli festival va tanlovlar o‘tkaziladi. Qolaversa, jahon miqyosida nuroniylar hayotini yaxshilashga qaratilgan BMTning Keksalik muammolari bo‘yicha maqsadli jamg‘armasi ham faoliyat ko‘rsatib turibdi.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Asosiy qonunimizning 46-moddasiga muvofiq:

“Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan  boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.

Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”.

O‘z navbatida, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish ko‘zda tutilgan. Nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasidagi tadbirlar qamrovi kamida 30 foizga oshirilgani ham tahsinga loyiq.

Shuningdek, “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ham ayni yo‘nalishdagi muhim chora-tadbirlar belgilangan. Bularning barchasi mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Albatta, bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini, xususan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam berildi, qiyinchilik va sinovlar bahamjihat yengib o‘tildi.

Ayniqsa, 2021-yil 25-martda qabul qilingan Prezident Farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.

Yana bir muhim dalil: keyingi yillarda Mustaqillik bayrami arafasida Prezident Farmoni asosida yurtimizning turli hududlaridan bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan, har bir ishda duogo‘y muhtaram otaxon va onaxonlarimizning 100 yoshdan oshgan 14 nafarini davlat mukofoti – «Shuhrat» medali bilan taqdirlash yaxshi an’anaga aylandi.

Xulosa qilib aytganda, Xalqaro keksalar kuni tadbirlari doirasida bunday ezgu amallarning ko‘lami yanada kengaydi. Mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylarini taqdirlash va nafaqaga kuzatish amaliyoti joriy etildi. Korxona va tashkilotlarda uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar  xonadonlarida bo‘lib, ularni bayram bilan qutlash bahonasida hollaridan xabar olinmoqda.

Ta’lim muassasalarida O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Xalqaro keksalar kuni munosabati bilan faxriy ustozlar taklif  etilib, ular uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Binobarin, O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech