6-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari yordamchisi Ruvendrini Menikdivela bilan uchrashdi.
Uchrashuvda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy direktori Xay Kyun Jun, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Dumitru Lipkanu, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi dasturiy ta’minot bo‘limi mutaxassisi Bota Maksat ishtirok etdi.
Suhbat avvalida Milliy markaz direktori A.Saidov BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik izchil davom etayotganini qayd etdi. Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi doirasida 2024-yilda fuqarosizlikning oldini olish va qochoqlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha tadbirlar tashkil etilgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari yordamchisi R.Menikdivela O‘zbekiston hukumatiga fuqarosizlik muammolarini hal etishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, "O‘zbekistonning ushbu sohadagi sa’y-harakatlari mintaqaviy barqarorlik va aholining zaif toifalari huquqlarini himoya qilishga muhim hissa qo‘shmoqda".
Oliy komissar Boshqarmasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy direktori Xay Kyun Jun Termiz shahri Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun muhim logistika markaziga aylanayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston afg‘on ayollari va qizlari uchun ta’lim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.
Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Dumitru Lipkanu Qozog‘istonda qochoqlar huquqlari bo‘yicha onlayn kurslarni joriy etishning ijobiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Shunday kurslarni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda tomonlar istiqbolda qochoqlar huquqlari va fuqarosizlikni kamaytirish sohasidagi qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib oldilar. Bo‘lajak "Yo‘l xaritasi" doirasida Milliy markazning "Inson huquqlari uyi" axborot-resurs markazini qochoqlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dolzarb nashrlar bilan to‘ldirish hamda inson huquqlari va qochoqlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar asosida onlayn kurslar va o‘quv materiallarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi vakillari O‘zbekistonning Fuqarosizlik muammosini bartaraf etish bo‘yicha global alyansga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildilar.
Muloqot o‘zaro hurmat va ishchanlik ruhida o‘tdi. Tomonlar mintaqaviy barqarorlikka va aholining zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilishga muhim hissa qo‘shadigan fuqarosizlikni kamaytirish va qochoqlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan umumiy maqsadlarga erishish uchun hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.11.2024
- Ko'rishlar: 700
- Chop etish