Tarixdan ma’lumki, diniy bag‘rikenglik tamoyili ustuvor jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topadi. Insonlar osoyishta hayot kechiradi. Tinchliksiz taraqqiyot, farovonlik bo‘lmagani kabi, diniy bag‘rikengliksiz barqarorlikkka erishmoq ilojsiz.
1995 yil 16 noyabrda YUNESKO Bosh konferensiyasining Bag‘rikenglik tamoyii to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon mazkur sana har yili butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi.
Yurtimizda bu an’anaga 2019 yil 15 noyabrda, Prezidentning “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan asos solingan.
Bag‘rikenglik bir-birini anglash, tushunish va qabul qilish demakdir. Yer yuzidagi turfa madaniyatga hurmat bilan yondashishga ham shu ta’rif beriladi. Bilim, samimiyat, vijdon va e’tiqod uyg‘unligi natijasida yuzaga keladigan bu tushuncha faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy, huquqiy ehtiyoj ham sanaladi. Eng asosiysi, bag‘rikenglik tufayli tinchlik ta’minlanadi, turli nizo, urushlar kelib chiqishining oldi olinadi.
Diyorimizda fuqarolar totuvligi, barqarorligi, turli millat vakillari tinchligi va hamjihatligini ta’minlash, vatandoshlarimiz ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasida ko‘plab samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yil Respublika baynalmilal madaniyat markazi va do‘stlik jamiyatlari negizida O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan 16 diniy konfessiya, 135 dan ziyod millat va elat vakillari, 153 milliy madaniy markaz, 40 ga yaqin mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyatlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi.
O‘zbekistonda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, dinlararo hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlash, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha huquq va imkoniyatni yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ko‘p millatli respublikamizda o‘zbeklar asosiy etnik guruhni tashkil qiladi. Shu bilan birga rus, qoraqalpoq, tatar, qozoq, tojik kabi ko‘plab millat vakillar ham yashaydi. Ularning bari Konstitutsiyada kafolatlangan teng huquqlardan foydalanadi. Qomusimizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinlikkga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yilgan.
Mamlakatimizda bag‘rikenglikning yana bir muhim jihati – jamiyatdagi ijtimoiy zaxira va qoidalar teng taqsimlangani. Ijtimoiy adolat va tenglikka intilish, turli etnik guruhlar huquqi hurmat qilinishi yordamga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash talabiga javob beradi. Bu jamiyatdagi tinchlik, totuvlikni saqlashga ko‘maklashadi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan milliy va etnik bag‘rikenglikka asoslangan munosabati har qanday siyosiy yoki iqtisodiy muammolarga qaramay, jamiyatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bag‘rikenglikni ta’minlashda ta’lim tizimi ham muhim o‘rin tutadi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda ta’lim islohoti orqali o‘quv jarayonida millatlararo hamjihatlik, e’tiqod va madaniyatlar o‘rtasidagi hurmatga asoslangan tarbiya berishga alohida ahamiyat beriladi. Shuningdek, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblangan yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, millatlarning tili, madaniyati, urf-odatini asrab-avaylash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirish, o‘g‘il-qizlar qalbi va ongida mafkuraviy immunitet shakllantirishdan iborat.
O‘zbekistonda etnik va milliy kamsitishga qarshi qonunchilik bazasi mavjud. Milliy va etnik kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, qonun asosida shunday holatlarga qarshi kurashish uchun alohida mexanizm ishlab chiqilgan. Shunga qaramay, ijtimoiy adolat va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan qonun amaliyotini yanada mustahkamlash talab etiladi.
Modernizatsiya va transformatsiya jarayonida mamlakat aholisining ma’naviy-madaniy ehtiyoji ham o‘zgarmoqda. Ayni jarayonda etnik va madaniy bag‘rikenglikni saqlash hamda ko‘proq universal qadriyatlarni targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, har bir millat yoki etnik guruh uchun o‘ziga xos ma’noga ega Navro‘z bayrami millatlararo hamjihatlikning oliy namunasidir.
Madaniyat va san’at ham bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim vosita. Milliy adabiyot, musiqa va rang-tasvirda turli millat, elat, etnik guruhlar hayoti va tafakkuri aks etadi. Turli tadbir, anjuman, san’at ko‘rgazmalarida barcha millatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy bag‘rikenglik targ‘ib etiladi. Bu mamlakatda tinchlik, barqaror, taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratib, har bir fuqaro farovon hayot kechirishiga yordam beradi. O‘zbekistonda shu tariqa – san’at, din, madaniyat, adabiyot va ta’lim tizimi orqali bag‘rikenglik konsepsiyasi shakllantiriladi, diniy barqarorlik, konfessiyalararo samimiy va do‘stona muhit vujudga keltiriladi. Asosiysi tinchlikning barqarorligi ta’minlanadi.
Bu borada madaniyatlararo aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, turizm orqali xalqaro miqyosda milliy va etnik bag‘rikenglikni targ‘ib qilish imkoniyati mavjud: mamlakatga kelgan xorijiy mehmonlar va mamlakat aholisi orasida madaniy almashinuv, o‘zaro anglashni mustahkamlashga erishiladi.
O‘zbekistonda madaniyatlararo va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar mavjud. Madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat tinchlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Masalan, mamlakatda xristianlar, yahudiylar va boshqa dinlarga e’tiqod qiladiganlar o‘z qadriyatini erkin amalga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, yurtimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash maqsadida, uzviy hamkorlikda, diniy tashkilotlar faoliyati muntazam kuzatib, tahlil qilib boriladi. Ayni yo‘nalishdagi tashabbuslar har bir insonning diniy erkinligini ta’minlash, turli jamoalar orasida o‘zaro hurmatni kuchaytirishga yordam beradi.
Diniy bag‘rikenglik hamisha adovatga qarshi o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘tagan holda, turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo‘lishi, o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik shakllanishiga yo‘l ochgan. Bu esa, o‘z navbatida, tinchlik va taraqqiyot ta’minlanishi, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyat keng rivojlanishiga xizmat qilgan.
Jamiyatdagi bag‘rikenglikni saqlashda oilaning ham roli katta. Oila mustahkamligi, xonadondagi to‘g‘ri tarbiya jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, milliy xavfsizligi, ravnaqi, taraqqiyotini belgilovchi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu yoshlar o‘rtasidagi hurmat va qadr-qimmat, turli millatlarning o‘zaro munosabatlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yoshlarda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish orqali davlatni mustahkamlash, xavfsizlikni muhofaza qilish, ularda jamiyat tinchligi va farovonligini ta’minlash mas’uliyatini kuchaytirish, ayniqsa o‘g‘il-qizlarni milliy qadriyatlar asosida hayotga tayyorlash mumkin.
Xulosa shuki, bag‘rikenglik nafaqat jamiyatning tinchligi, balki rivojlanishi uchun asosiy omillardan biridir. O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, avvalo, insonning manfaati, qadr-qimmati, jamiyatda huquq va erkinlikni ta’minlash maqsadi mujassam. Zero, fuqarolar manfaatini faqat tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta’minlash mumkin.
O‘zlikni anglash muayyan millatning real kuch sifatida namoyon bo‘lishida asosiy omillardan biridir. O‘zligini anglagan millat vakillari o‘zaro manfaat va maqsad mushtarakligi mohiyatini tushunadi va mustahkam birlikka asos soladi. Shunday millatgina o‘z qadr-qimmati, obro‘-e’tibori, or-nomusini himoya qilish, taraqqiyot yo‘lida uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun birlasha oladi. Shuning barobarida o‘zga millatlar manfaati mavjudligini ham anglaydi, ixtilof va nizolarga olib keluvchi hatti-harakatdan tiyiladi.
Sevara Ishmuratova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
O‘zA
- Qo'shildi: 18.11.2024
- Ko'rishlar: 245
- Chop etish