Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishini yuritishda shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi nazarda tutilmoqda. Tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berish belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirishga, jinoyat sodir qilishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Ayni paytda qonun loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan mutaxassislar, ekspertlar, advokatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama etilmoqda hamda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 20.12.2024
- Ko'rishlar: 172
- Chop etish