Farzandlarimizning barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi

Davlatimiz rahbarining Yangi yil bayrami munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimiz safarbar etilishi qayd etildi.

“Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar va yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, ijtimoiy himoya samarasini oshirish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga ko‘taramiz. Muxtasar aytganda, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz”, deyilgan bayram tabrigida.    

Yangi yil va 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi”da o‘tkazilgan bayram tadbirida bu alohida qayd etildi.    

Tadbirda Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Elmurod Hojiahmedov, Mirzo Ulug‘bek tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Dilmurod Shokarimov, tuman harbiylashtirilgan qutqaruv qismi shtabi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Iminov, “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zulxumor Xo‘jayeva va san’atkorlar guruhi ishtirok etdi. 

Badiiy sahna va konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Qariyb 50 nafar tarbiyalanuvchi qatnashgan tadbir yakunida bolalarga homiylar tomonidan sovg‘alar ulashildi.  

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech