Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2025-yil 1-yanvaridan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi maqomida o‘z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk O‘zbekiston vakiliga tabriknoma yo‘lladi. Unda, jumladan, shunday deyilgan:
“Ser, Sizni 2024-yil 29-may kuni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida 2025-2028-yillar uchun BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylanganingiz bilan tabriklayman.
Men rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi BMTning Siz a’zosi bo‘lgan Qo‘mitasi va inson huquqlari bo‘yicha boshqa barcha shartnomaviy organlari ishini to‘la qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘lishingizni so‘rayman. Sizning 2025-yil 1-yanvaridan – 2028-yil 31-dekabrigacha bo‘lgan vakolat muddatingiz davridagi faoliyatingizga omad va muvaffaqiyatlar tilayman”.
BMTning oliy darajadagi rahbari tomonidan akademik A.Saidovga bunday yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotgani bejiz emas. Zero, O‘zbekiston vakilining tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylanishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv muloqot o‘rnatishga qaratilgan pragmatik tashqi siyosat strategiyasining yorqin natijasi bo‘ldi.
Ushbu muhim natija – Yangi O‘zbekiston xalqi va Prezidenti tomonidan hayotimizning barcha sohalarida inson qadrini joyiga qo‘yish uchun amalga oshirilayotgan izchil hamda qamrovdor islohotlarning o‘ziga xos yorqin samarasidir.
Bu natija, shubhasiz, butun dunyoda mamlakatimiz obro‘-e’tibori muttasil yuksalib borayotganligining amaliy ifodasi. Ayni yutuq – O‘zbekistondagi demokratik yangilanishlar, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, rag‘batlantirish hamda himoya qilish borasida erishilgan natijalarning xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib tarzda e’tirof etilishi hamdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.01.2025
- Ko'rishlar: 641
- Chop etish