14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
“Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Yangi Konstitutsiyamizning 64-moddasiga binoan: “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”.
Ushbu norma O‘zbekiston fuqarolari bajarishi kerak bo‘lgan oltita burchning bittasidir. Har bir shaxs huquqlari ta’minlangan jamiyatda yashash bilan birga, uni himoya qilish mas’uliyatini ham o‘z bo‘yniga oladi.
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari – mamlakatni tashqi tazyiqlardan himoyalovchi kuch, sarhadlar daxlsizligini ta’minlovchi vosita va bir paytning o‘zida inson huquqlari barqarorligini ta’minlashda tayanch hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 14-yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarorlarni qabul qildi. Ushbu qarorlarga muvofiq, sobiq sovet qurolli kuchlarining yurtimiz hududidagi qismlari, birlashmalari, tashkilotlari, qo‘shilmalari, harbiy o‘quv yurtlari va boshqa harbiy tuzilmalari qonuniy tarzda O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olinishi belgilandi.
Shu ma’noda, 1993-yil 29-dekabridagi “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni, deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari to‘liq jangovar shaylikda. Armiyaning harbiy-texnik tayyorgarligi yildan yilga takomillashtirib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirishga oid bir qancha muhim ishlar o‘rin egallagan. Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini muntazam ravishda takomillashtirish kabi maqsadlarga erishish shular jumlasidandir.
Mamlakat harbiy qudrati jihatdan Markaziy Osiyo va MDH davlatlari o‘rtasida yetakchilardan hisoblanadi. Har yili minglab yigitlar harbiy xizmatni o‘tamoqda va O‘zbekiston armiyasi zaxirasini to‘ldirmoqda. Binobarin, Konstitutsiyada belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega.
Buyuk Amir Temur bobomiz aytganlaridek, g‘alaba taqdirini avvalo qo‘shinning jangovar ruhi va tayyorgarligi, ma’naviy qudrati va mustahkam irodasi hal qiladi. Yangi O‘zbekiston askarlari ruhiyatida Vatanga sadoqat va ona yurtga mehr-muhabbat tuyg‘ulari hamisha jo‘sh urib turibdi.
Dunyoda ro‘y berayotgan keskinliklar va harbiy to‘qnashuvlar insonlarni har lahzada ogohlikka chorlaydi. Ma’lumki, harbiy harakatlar davrida eng ko‘p jabr ko‘ruvchilar oddiy aholi – ayollar, bolalar va qariyalardir.
Davlatimiz rahbari, Oliy Bosh qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev qayd etganlaridek, jahonda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chuqur anglaymiz. Tinchlikni saqlab turishning o‘zi ham katta kuch va xarajatlarni talab qiladi.
Fuqarolarning ko‘chalarda xotirjam yurishi, bayramlarimizning xursandchiliklar bilan o‘tishi, umuman, insonlarning huquq va erkinliklarini hech bir to‘siqlarsiz amalga oshirishi zamirida harbiylarimizning tun-u kun Vatan chegaralarida sergak turganligi sababdir.
Bugun ushbu sanani bayram sifatida nishonlab kelayotganimizga 33-yil to‘ladi. Yangi O‘zbekiston bu kunni faxr, ishtiyoq va g‘urur bilan kutib olishga tayyorlanmoqda. Bugungi kunlarga yetib kelguncha O‘zbekiston ne-ne qiyin davrlarni boshidan kechirdi.
Mustaqil mamlakatimiz ilk rivojlanish davrida turli g‘ayri kuchlar tazyiqiga uchradi. G‘anim tinchligimizga raxna solib turgan paytda harbiylarimiz o‘z jasorati va matonatini to‘la namoyon qila oldi. Mukammal harbiy tayyorgarlik, jangovar ruhga ega mard askarlarimiz har qadamda xalqimizning beqiyos kuch-shijoati va metin irodasini o‘zida namoyon etib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun biz Vatanimiz tinchligi, xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda ishonchli posbon bo‘lib turgan shonli armiyamiz tashkil topgan kunni sharaflab, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ sarkardalarimiz va yovqur askarlarimizning jasoratini yana bir bor yodga olamiz. Zero, Vatan himoyachilari kuni – shunchaki bayram emas, balki jonajon xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini asrab-avaylashga, ona yurtimiz mustaqilligi va suverenitetini himoya qilishga undovchi qutlug‘ sanadir.
Og‘abek ABDURASULOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining birinchi toifali ish yurituvchisi
- Qo'shildi: 10.01.2025
- Ko'rishlar: 696
- Chop etish