14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni
«Eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetishimiz, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylashimiz lozim. Shu maqsadda yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berishimiz kerak».
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan ayni shu ezgu maqsadlar ijobati yo‘lida Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati ham tubdan o‘zgardi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi. Bu jarayonda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz armiyamizning ham qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qo‘shinlar jangovar shayligini takomillashtirish va davlat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib berdi.
Ayni chog‘da dunyoda keskin o‘zgarib borayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, uning turli ko‘rinishdagi tahdidlar fonida rivojlanish tendensiyalari eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ekanini anglatmoqda. Binobarin, soha ekspertlarining e’tiroficha, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy okruglar qo‘mondonliklari dunyoda ro‘y berayotgan qurolli to‘qnashuvlarni tahlil qilgan holda qo‘shinlarni tayyorlashning eng maqbul yo‘nalishlari va mazmunini belgilab, Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini tashkil etish, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etayotgani bejiz emas.
Shu ma’noda, yoshlarimizning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish oldimizdagi kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalardandir. Zero, bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar bizdan doim ogoh va hushyor bo‘lishni taqozo etmoqda.
Hozirgi vaqtda tinch va osoyishta, farovon hayotimiz Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda himoya qilinmoqda. Shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan o‘g‘lonlarimizni har qancha e’zozlasak, ardoqlasak arziydi.
Qurolli Kuchlar tashkil etilgan sana va Vatan himoyachilari kuni bilan bog‘liq bayram tadbirlari – harbiylarimizni sharaflash, milliy armiyamizning ma’naviy qudrati haqida so‘z yuritishning ayni fursatidir. Inchinun, biz oriyat va g‘ururni hamma narsadan ustun qo‘yadigan, lafzi halollikni shon-shavkat deb biladigan, bir so‘zli xalqmiz.
Shuni alohida qayd etish kerakki, keyingi yillarda amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli tarixan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiya tashkil etildi. Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar an’analari munosib davom ettirilmoqda.
Ushbu shavkatli ajdodlarimiz o‘z zamonasida nafaqat odil hukmdorlar, ayni vaqtda yengilmas qo‘shinlarning qo‘mondonlari ham bo‘lganlar. Ular harbiy qo‘shinning kundalik ta’lim-tarbiyasi, jangovarlik holatini ta’minlashga yo‘naltirilgan juda ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirganlar.
Xususan, Jaloliddin Manguberdi Chingizxonga qarshi kurashda qullikdan ko‘ra o‘limni, mag‘lub bo‘lishdan ko‘ra imon-e’tiqodni yuqori qo‘yib, o‘z qo‘shinidagi vahima va qo‘rquvni yo‘qota olgan. Shaxsiy namunasi tufayli jasur bobokalonimiz qo‘shinidagi vatanparvar jangchilarning bemisl qahramonligi insoniyat irodasi va bardoshining, Vatanga tikilgan jonlarning betakror timsoliga aylangan.
O‘z navbatida, Amir Temur hazratlari harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy holati bilan shug‘ullanadigan maxsus lavozimlarni joriy qilmagan bo‘lsalar-da, barcha pog‘onadagi harbiy mansabdorlar o‘z bo‘ysunuvidagi harbiy xizmatchilar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha ish olib borishini ta’min etganlar.
Natijada Sohibqiron bobomizning jangovar qo‘shini o‘zining strategik va taktik mahorati bilan o‘sha davrning eng mukammal va kuchli armiyasi hisoblangan. Xususan, qo‘shinning ruhiy tarbiyasi, qo‘shin tarkibi, boshqaruv shakli, uning jang oldidan saf tuzilishi va joylashtirilishi yuqori darajada tashkillashtirilgani hatto dushman sinchilari tomonidan ham e’tirof etilgan.
Milliy armiyamiz tarixi haqida so‘z borganda, 1992-yil 14-yanvardan mamlakatimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tkazilganini ta’kidlash lozim. O‘sha kundan e’tiboran milliy armiyamizga asos solingan.
Shundan so‘ng 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun yurtimizga o‘z harbiy siyosatini amalga oshirish huquqini berdi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi bayonot mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tuzish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz mudofaa tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada jangovarligi, taktik mahorati jihatidan hech kimdan kam bo‘lmagan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllandi.
Islohotlar samarasi o‘laroq, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida harbiy xizmatning obro‘-e’tibori yuksak darajaga ko‘tarildi, Vatan himoyachisi bo‘lish har bir yigitning ezgu maqsadiga aylandi. Bugun harbiy xizmat nafaqat burch, balki sadoqat, matonat va jasorat maktabi, milliy armiyamiz esa mamlakatimiz hududiy yaxlitligi va xalqimiz osoyishtaligining ishonchli kafolatidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Qurolli Kuchlarning huquqiy maqomi aniq belgilab berilgan. Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizning 64-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar”.
Shuning barobarida, mudofaa hamda umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunlar Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy-huquqiy asoslarini o‘zida mujassam etgan. Shu negizda mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni yanada takomillashtirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro nizolar, notinchliklar kuzatilayotgan bir paytda yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanib, xalqimiz farovonligi yuksalib bormoqda.
Istiqlol yillarida bunday yutuqlar hayotimizning barcha sohalarida bardavom bo‘lib kelmoqda. Bularning barchasi, so‘zsiz, bizning katta baxtimiz. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda Vatanimiz sarhadlarini tunu kun sergaklik bilan qo‘riqlayotgan harbiy xizmatchilarimizning munosib hissasi bor.
Haqiqatan ham, milliy armiyamizni takomillashtirish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi hamda hududiy yaxlitligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tinch, obod va farovon hayot barpo etishimizda o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatimizda tom ma’noda zamonaviy qurol-yarog‘, texnika va yetuk harbiy mutaxassislarga ega, eng yuksak talablarga javob beradigan, yurtimiz hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan professional Qurolli Kuchlar barpo etildi.
Milliy armiyamiz saflarida xalqimiz farzandlarining sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Binobarin, Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash, xalqimiz tinchligi va omonligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash o‘ta mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.
Yangicha davr harbiylarimizdan nafaqat jismoniy tayyorgarlikka, balki yuksak aql-idrok, intellektual salohiyat, alohida ma’naviy-ruhiy xususiyat va fazilatlarga ega bo‘lishni, axborot-kompyuter texnologiyalari sir-asrorini puxta bilishni taqozo etadi. Shu nuqtayi nazardan, mustaqil davlatimiz Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga joriy etilgan qulayliklar sobiq tuzum davridagidan tubdan farq qiladi.
Vatan oldidagi muqaddas burch harbiy xizmatchidan metin iroda, burchga sadoqat, yuksak bilimni talab etishi tayin. Boz ustiga, askarlarimiz qulay shart-sharoitga ega bo‘lsa, bu ularni zimmalaridagi burchni yanada mas’uliyat bilan bajarishga undashi tabiiydir. Shu ma’noda, harbiylarimizni ko‘rkam turarjoylar bilan ta’minlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgani diqqatni tortadi.
Ayniqsa, keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan mard va jasur o‘g‘lonlar hamda ularning oilalari uchun mo‘ljallangan ko‘plab uy-joylar qurildi. Bunday turarjoylarda yuksak talablar hamda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari ehtiyojiga javob beradigan qulay ijtimoiy-maishiy sharoitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida professional milliy armiyamiz uchun yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlashga jiddiy ahamiyat berilayotganini ta’kidlash farz va qarz, deb o‘ylaymiz. Shu maqsadda yurtimizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, kursantlar uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Muddatli harbiy xizmatga jismonan va ma’nan sog‘lom, yuksak intellektual salohiyatli yoshlar saralab olinmoqda. Bunda navqiron yigit-qizlarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan saboq berayotgan mutaxassis va zaxiradagi ofitser pedagoglar faoliyatining asosiy mezoni har bir o‘quvchi qalbiga harbiy burch sadoqatini singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat ekani muhim ahamiyat kasb etadi.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, istiqlol yillarida professional milliy armiyamizni shakllantirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir. Bu, shuningdek, Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish har bir yigit uchun nafaqat burch, balki haqiqiy shon-sharaf ishiga, farzandini armiya saflarida ko‘rish esa ota-onalarning orzusiga aylanganidan dalolat beradi.
Eng asosiysi, o‘tgan davrda milliy armiyamiz yoshlarning irodasini toblaydigan, ularni o‘z Vatani va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan jasorat va matonat maktabiga aylandi. Farzandlarimizning harbiy xizmatga, boshqacha aytganda, el-yurt tinchligi va osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga bo‘lgan qiziqish va intilishi kuchaydi.
Xulosa qilib aytganda, har tomonlama yetuk, jasur va sergak o‘g‘lonlarimiz azmu shijoatini ko‘rganda, ko‘nglimiz faxru iftixorga to‘ladi. Vataniga, xalqiga sadoqatli yigitlar xizmat qilayotgan professional armiyamiz – mustaqilligimizning, tinch hamda farovon hayotimizning ishonchli qalqonidir. Qolaversa, ota yurtni, ona tuproqni himoya qilish – mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas va sharafli burchi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 13.01.2025
- Ko'rishlar: 459
- Chop etish