Toshkent teleminorasi – 40 yoshda
Toshkent teleminorasi tomosha maydoni tashrif uchun ochiq bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng baland inshoot hisoblanadi. Uning bo‘yi – 375 metr bo‘lib, MDH davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi.
E’tibor bering: Toshkent teleminorasi ochilganidan keyin 1991-yilgacha dunyodagi uchinchi eng baland minora sanalgan. Dunyo miqyosida minoralarning balandligi bo‘yicha hozirgi ro‘yxatda Toshkent teleminorasi 12-o‘rinni egallagan.
Bugun Toshkent teleminorasi foydalanishga topshirilganiga roppa-rosa 40-yil to‘ldi. Ushbu inshoot 1985-yil 15-yanvarda ishga tushirilgan. O‘tgan davrda u nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizning muhim me’moriy ramzlaridan biriga aylanib ulgurdi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1971-yil 1-sentyabrda O‘zbekiston Aloqa vazirligi tasarrufida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi qurilish direksiyasi tashkil etilgan. Shundan so‘ng, qisqa muddatda yangi teleminora loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihani tayyorlashga sinchkovlik bilan yondashilib, u bir necha bor qayta-qayta o‘rganilgan va sinovlardan o‘tkazilgan. Sababi, bunday balandlikdagi inshoot qurilishi hali tajribada bo‘lmagan edi. Shu tariqa teleminora qurilishi rasman 1978-yilda (ba’zi manbalarda – 1981-yilda) boshlangan.
Osmono‘par inshootni bunyod etish jarayoni qariyb 6-yil davom etgan. Aytishlaricha, bunda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi birinchi rahbari Sharof Rashidovning o‘rni katta bo‘lgan. Buning uchun u shaxsan Leonid Brejnevga, ya’ni respublikamizni o‘zida qamragan sobiq SSSR davlati rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, shunday qimmat, ammo strategik obyektga nisbatan zaruriyatni asoslab berishiga to‘g‘ri kelgan.
Teleminora qavatlari bo‘ylab sayr etish uchun qulay imkoniyatlar mavjud. Shveysariyada ishlab chiqarilgan “Schindler” rusumidagi uchta lift mehmonlar xizmatida bo‘lib, ularning tezligi – soniyasiga qariyb 5 metrni tashkil etadi. Tomosha maydonida esa 30 marta kattalashtirib ko‘rsatuvchi durbin bor.
Minora foyesida jahonning turli mamlakatlarida joylashgan teleminoralar maketlarini tomosha qilish mumkin. Bu yerda bemalol suratga va videoga tushish, turli esdalik sovg‘alarni xarid qilish uchun sharoitlar muhayyo.
Tomosha maydonidan bir qavat balandda platformasi aylanib turadigan “Koinot” restorani joylashgan. Restoran 105 metr balandlikda bo‘lib, teleminora o‘qini har 45 daqiqada bir marta aylanib chiqadi. Bu maskanda mazali taomlarni tamaddi qilib, jozibali musiqa ohanglaridan zavq olish uchun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy mehmonlar ham muntazam kelib turishadi.
Muxtasar aytganda, Toshkent teleminorasi nafaqat telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, balki mamlakatimizning sayyohlik markazlaridan biri sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Uning restoran va zamonaviy infratuzilmasi, shuningdek, kuzatish maydonchalari hayratomuz manzaralari bilan har yili minglab sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 15.01.2025
- Ko'rishlar: 81
- Chop etish