Senat bolalar huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshiradigan qonunni ma’qulladi

24-25-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Senatorlar tomonidan dastlab “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi. 

Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, yoshlar orasida turli yot g‘oyalar tobora keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimizda bunday holatlarni o‘z vaqtida oldini  olish va ularga barham  berish bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari oldiga yangi vazifalarni  qo‘ymoqda. 

2024-yil 5-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilganligi ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning uzviy davomidir. 

Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi, shuningdek, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi. 

Ushbu bo‘linmalar tomonidan maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash, o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, o‘quvchilarda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat hissini shakllantirish, ularda qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.

Shu bilan birga, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash, shuningdek, o‘quvchilarning darslarga qatnashish davomatini yaxshilash bo‘yicha eng asosiysi “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi misolida maktablarda xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tashkil etilgan lavozimlarda xizmat qiluvchi shaxslarga, shu jumladan, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini berish zarurati yuzaga kelmoqda.

Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan 44 ming 450 ta huquqbuzarlikni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xati yozilgan.

Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. 

Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu bois mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan umumta’lim maktablarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, shuningdek, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarni samarali amalga oshirishga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqildi. 

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta masala, shu jumladan, 18 ta qonun ko‘rib chiqildi, deyiladi Senat Axborot xizmati xabarida.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech