Toshkent davlat yuridik universitetida taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboyev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
U.Mingboyev mamlakatimizning sud-huquq idoralarida qariyb 60 yildan buyon faol mehnat qilib kelmoqda. Oliy sudning o‘zida salkam 20 yil faoliyat olib borgan. Jumladan, qariyb 12 yil davomi (1991-2002 yillar)da Oliy sud raisi, 2018-2020 yillarda Sudyalar oliy kengashi raisi lavozimida xizmat qilgan.
2009 yildan buyon O‘zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shu kungacha u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan edi.
Bugun esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Ubaydulla Mingboyevga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» unvoni berildi.
Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev davlatimiz rahbarining tabrigi va farmonini o‘qib eshittirdi. Mazkur mukofot yubilyarga jamiyatda qonuniylikni ta’minlash, adolatni qaror toptirish orqali inson qadr-qimmatini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan munosib hissasi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun berilganini qayd etdi.
Aytib o‘tish kerakki, U.Mingboyev mustaqil O‘zbekiston Oliy sudining birinchi raisi bo‘lgan, birinchi Konstitutsiyamiz loyihasini tuzishda ishtirok etgan. Respublikamizda birinchi bor “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni tayyorlashda ishchi guruhga rahbarlik qilgan. O‘tgan asrning 30-35 yillarda qatag‘on qilinganlarning, 83-86 yillarda “O‘zbeklar ishi” deb nohaq qamoqda yotganlarning ko‘plariga adolatli sud qarorlarini chiqargan.
So‘zga chiqqanlar yubilyarning jamiyat va davlat oldidagi shu kabi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Umidjon Qurbonov, Nosir Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 28.01.2025
- Ko'rishlar: 889
- Chop etish