O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyevga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berildi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi davlat organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtimizda sud-huquq tizimini rivojlantirish, sohada islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatda qonuniylikni ta’minlash, adolatni qaror toptirish orqali inson qadr-qimmatini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan munosib hissasi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki hamda tavalludining 90-yilligi munosabati bilan yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi.
28-yanvar kuni taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboyev tavalludining 90-yilligi munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universitetida bo‘lib o‘tgan ma’rifiy tadbirda Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev davlatimiz rahbarining tabrigi va farmonini o‘qib eshittirdi. So‘zga chiqqanlar yubilyarning jamiyat va davlat oldidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu ma’rifiy tadbir tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Tadbirda Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston sud tizimidagi shiddatli islohotlar samaradorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz Ubaydulla Mingboyev mohir huquqshunos, tajribali sudya va pokdil, fidoyi, yuksak ma’naviyatli hamda adolatparvar yoshi ulug‘ vatandoshimiz sifatida mamlakatimizning sud-huquq idoralarida qariyb 60-yildan buyon faol mehnat qilmoqda.
Ubaydulla aka o‘z kasbini ulug‘lash masalasiga nafaqat amaliy, ayni chog‘da ijodiy jihatdan ham munosib ulush qo‘shib kelayotganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. U kishi sohaning tarixi va istiqbollariga, bugungi kunda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga oid ko‘plab risolalar muallifi hisoblanadi.
Taniqli huquqshunos Ubaydulla Mingboyevning qariyb oltmish yillik samarali faoliyati bugungi va kelajak avlodlar uchun sud tizimi, sudyalik kasbi, sudyaning vazifasi va mas’uliyati haqidagi yetarlicha foydali hamda ibratli ma’lumotlar xazinasidir. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, «Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishiga faqat va faqat xalqimizning o‘zi baho beradi. Ular uchun yagona va eng qattiq talab – bu fuqarolarning qonuniy manfaatlariga xizmat qilish va ularning huquqlarini har qanday holatda ham himoya qilishdan iborat».
Ma’lumot uchun: “Kuch – adolatda” gazetasining 2025-yil 24-yanvar sonida akademik A.Saidovning “Odil sudlovning maqsadi – adolat va insonparvarlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Mingboyev tavalludining 90-yilligiga bag‘ishlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.01.2025
- Ko'rishlar: 973
- Chop etish