Inson huquqlarini himoya qilishning milliy tizimiga oid bilimlar oshirildi

4-fevral kuni Inson huquqlari uyida “Inson huquqlarini himoya qilishning milliy tizimi” mavzusida sayyor o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi  tashabbusi bilan tashkil etilgan ma’rifiy-huquqiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan tinglovchilari ishtirok etdi.

Tinglovchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi faoliyati, yaqinda tashkil etilgan Inson huquqlari uyi imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilariga, shuningdek, Milliy markazning inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Xususan, O‘zbekiston tomonidan bugungi kunga qadar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati yuzasidan 46 ta milliy ma’ruza BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim qilingani ta’kidlandi. Ayni paytda 7 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha monitoring olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qonunchilik hujjatlarida belgilab berilgan vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali ularning huquqlari va manfaatlari buzilishining oldini olishda muntazam asosda amaliy yordam ko‘rsatib kelayotganligi borasida ham atroflicha fikr yuritildi.

Sayyor o‘quv mashg‘uloti qizg‘in bahs-munozaralar ruhida o‘tdi. Tinglovchilarni qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir yakunida e’tirof etilganidek, mashg‘ulot tinglovchilarning inson huquqlari va xalqaro huquq yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, ularning jamiyat va davlat ishlaridagi ishtirokini yanada faollashtirishga yo‘naltirilgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirishning dolzarbligi, xalqaro tajribani milliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech