Qiynoqqa qarshi kurash bo‘yicha o‘quv kursiga jizzaxlik mutaxassislar jalb etildi

24-25-fevral kunlari Jizzah viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Shuni qayd etish joizki, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

O‘quv kursida mazkur viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 63 nafar xodimlar tinglovchi sifatida ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad - BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarida qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasida bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Tadbir ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropovning videomurojaati tinglandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani, shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, o‘quv kursining birinchi kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasidiqov “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, Oliy sud mas’ul xodimi Ma’rufjon Tojiboyev “Qiynoqqa oid ishlari bo‘yicha sud amaliyoti” hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruzalarni taqdim etdi.

Shuningdek, o‘quv kursi davomida amaliy mashg‘ulotlar ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, turli keyslar ustida ishladilar, qiynoqlarni aniqlash va hujjatlashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

O‘quv kursining ikkinchi kunida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i Olimjon Matchanov “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”,“Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi”mavzularida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”,“Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzularida ma’ruzalar va mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida tinglovchilarning nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech