Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashiga taqdim etilgan Milliy markazning 2024-yildagi faoliyatiga doir hisobot haqida

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lum qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Kengash a’zolariga Milliy markazning 2024-yildagi faoliyatiga doir hisobot taqdim etildi.

Hisobotda Milliy markaz faoliyatining O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sohadagi milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni takomillashtirish bilan bog‘liq tegishli yo‘nalishlarida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlarga doir ma’lumotlar mujassam etilgan.

Xususan, 2024-yili Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 78 ta bandidan 69 tasi to‘liq bajarildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ustav organlari, shartnomaviy qo‘mitalari va boshqa mexanizmlari tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari tasdiqlagan 6 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha monitoring amalga oshirildi.

Milliy va xalqaro hamkorlar bilan birga Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan davra suhbatlari, seminarlar, jamoatchilik maslahatlashuvlari o‘tkazildi.

Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish masalasi o‘rganildi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Milliy markaz tomonidan 2024-yilda 69 ta normativ-huquqiy hujjat ekspertizadan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlandi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning 2024-yil 23-iyulda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Milliy markazning murojaati bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 86-moddasi birinchi qismiga sharh berish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida 11 ta monitoring tashkil qilindi. Shuningdek, 7 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

2024-yilda inson huquqlari sohasidagi ta’limga alohida e’tibor qaratildi hamda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi. Milliy markaz tomonidan ayni yo‘nalishda 110 ta tadbir o‘tkazildi.

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari

4 ming 317 nafar xodimining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Milliy markazda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 2024-yilda xorijiy tashkilotlar bilan 2 ta hamkorlik memorandumi imzolandi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, BMT tizimidagi inson huquqlari bo‘yicha dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan samarali hamkorlik aloqalari izchil davom ettirildi.

Xususan, 13–14-iyun kunlari Samarqand shahrida “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘tkazildi. Forum yakunida “Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi. Deklaratsiya BMTning 78-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e’lon qilindi.

O‘tgan yilda bir qator xorijiy delegatsiyalar inson huquqlari bo‘yicha tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. O‘z navbatida, Milliy markaz vakillari xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Milliy markazga 2024-yilda fuqarolar tomonidan 1 ming 455 ta murojaat yo‘llandi. Murojaatlarning 506 tasi fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida, 908 tasi aloqa tarmog‘i vositalari – asosan, pochta va virtual qabulxonalar orqali olindi.

Turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari tiklanmoqda. Bu jarayonda murojaat egalariga moddiy zarar undirib berilishi ham ta’minlanmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil davomida telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 3 ming 650 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

2024-yil 3-dekabrda “Inson huquqlari uyi” o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu ma’rifat maskani Markaziy Osiyo mintaqasida inson huquqlari bo‘yicha yagona ixtisoslashgan kutubxona hisoblanadi.

O‘tgan yili Milliy markaz nashriyotida 21 ta kitob, jumladan, O‘zbekiston qo‘shilgan 45 ta xalqaro hujjatning davlat tiliga tarjimasini o‘zida jamlagan 4 ta xalqaro hujjatlar to‘plami nashr etildi.

An’anaga ko‘ra, Milliy markazning yillik hisoboti Markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilindi. Endilikda alohida kitob shaklida nashr etiladi va tarqatiladi.

Ayni vaqtda 2024-yil bo‘yicha hisobot Milliy markazning rasmiy saytida joylashtirilgan. Hisobot matni bilan Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarimizda ham tanishish mumkin. 

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech