Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30-mart – yakshanbaga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining bu haqdagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2025-yil 30 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 26-mart kuni imzolagan “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorda ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli xalqimiz farovonligini oshirish, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bularning barchasi bag‘rikenglik, saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyini mamlakatimizda tinch-totuv, fayzli va shukuhli muhitda o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni el-yurtimiz o‘rtasida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi yuksak insoniy fazilatlar ayni kunlarda yanada yaqqol namoyon bo‘layotgani ham tasdiqlaydi.
Ulug‘ ayyom – muqaddas Ramazon hayitini ana shunday xayrli ishlarni izchil davom ettirgan holda har tomonlama munosib kutib olish, o‘tkazish va uning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu qadriyat va an’analarni keng targ‘ib etish maqsadida, Prezident qarorida:
birinchidan, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
-
ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni 2025-yilda yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31-mart — dushanba kuniga ko‘chirilishi;
-
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilingan.
Ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi nazarda tutilgan.
Uchinchidan, Turizm qo‘mitasiga Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish vazifasi yuklangan.
Shu ma’noda, xodimlari haftada besh kun ishlaydigan tashkilotlarda 29, 30 va 31-mart – dam olish kunlari hisoblanadi. Ya’ni, kelayotgan shanba, yakshanba va dushanbada hamyurtlarimiz, shu jumladan, hamkasblarimiz Ramazon hayitini fayzli o‘tkazishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.03.2025
- Ko'rishlar: 290
- Chop etish