Milliy markazda Shvetsiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv

7-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov Shvetsiya parlamenti – Riksdag deputati L. Yunsson boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish va parlamentarizmni rivojlantirish sohasida tajriba almashish hamda kelajakdagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqot davomida inson huquqlari sohasidagi hamkorlik va parlamentarizmni rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Bunda inson huquqlarini ta’minlash tajribasi va parlamentlarning xalqaro shartnomaviy organlar bilan hamkorlik mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, jumladan, BMTning shartnomaviy organlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va bu jarayonga parlament a’zolarini jalb etish to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Suhbat chog‘ida xalqaro tavsiyalarni amalga oshirish uchun milliy strategiyalar va "Yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish hamda joriy etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Shuningdek, bola huquqlari, gender tenglik va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni inobatga olgan holda qabul qilingan qonunchilik tashabbuslaridan misollar keltirildi.

Tomonlar ochiq muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli barcha masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot yakunida Shvetsiya parlamenti delegatsiyasiga xalqaro maydondagi parlament faoliyatiga bag‘ishlangan kitob taqdim etildi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech