Milliy markazda  YEXHTning gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi bilan uchrashuv

9-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov YEXHTning gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Lara Skarpitta bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar YEXHT vakolati doirasida gender masalalari bo‘yicha hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar. So‘nggi davrda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va ayollar huquqlarini himoya qilish borasida muhim yutuqlarga erishilgani e’tirof etildi. Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo‘yicha yangi Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.

Muloqotning asosiy mavzularidan biri “femitsid” muammosi bo‘ldi. Femitsid – odatda, xotin-qizlarga nisbatan nafrat, gender kamsitish yoki gender zo‘ravonlik oqibatida erkaklar tomonidan sodir etiladigan qotillikdir.

Tomonlar bunday jinoyatlar sonining global miqyosda ortib borayotganiga e’tibor qaratib, gender kamsitishga asoslangan xatti-harakatlarni jinoyat deb baholash bo‘yicha xalqaro tajribani va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralarini muhokama qildilar. Ayni yo‘nalishda qonunchilik ta’sirini yanada kuchaytirish va jamoatchilik xabardorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik holatlarini ham qamrab olgan huquqiy tartibga solishni kengaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganligining 25-yilligi doirasida gender tenglik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech