10-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo‘yicha xodimi I.Novikov bilan uchrashdi. Muloqot doirasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani e’tirof etildi. Mazkur tashkilotning siyosiy masalalardagi an’anaviy betarafligiga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat asnosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish va joriy etish orqali xalqaro inson huquqlari mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi, shuningdek, aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan inson huquqlari sohasidagi faoliyat xususida so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida Parlamentlararo Ittifoq vakili O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yuksak rivojlanish darajasiga urg‘u berib, bu boradagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.04.2025
- Ko'rishlar: 445
- Chop etish