Milliy markaz boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot-saylov yig‘ilishi

16-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘ldi. Unda tashkilotning 2020–2025-yillardagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, jamoa shartnomasi asosida olib borilgan ishlar, a’zolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan tadbirlar muhokama qilindi.

Yig‘ilish O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh Kengashining 2024-yil 21-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Qo‘mita raisi tomonidan 2020-yil fevral oyidan – 2025-yil fevral oyigacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot berildi. Xususan, kasaba uyushmasi a’zolarining mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, ish joylarida sog‘lom va xavfsiz mehnat muhitini yaratish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, sog‘lomlashtirish va dam olish tadbirlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlarda qilingan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ishtirokchilar hisobotni muhokama qilib, qo‘mita faoliyatini "qoniqarli" deb baholadilar. Muzokaralar davomida kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik tarixi, uning jamiyatdagi roli va bugungi kundagi dolzarb vazifalari haqida ham ma’lumot berildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Taftish komissiyasi raisi tomonidan qo‘mitaning moliyaviy-iqtisodiy faoliyati yuzasidan taqdim etilgan hisobot eshitildi. Unda qo‘mita mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi, a’zolar o‘rtasida adolatli taqsimoti ta’minlangani ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Demokratlashtirish va inson huquqlari jurnali” tahririyatidagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi faoliyati ijobiy baholandi.

Yig‘ilishda qo‘mita raisi va uning a’zolari hamda Taftish komissiyasi va uning a’zolari ko‘rsatilgan nomzodlar orasidan ovoz berish orqali qayta saylandi.

Yangi saylangan qo‘mita oldidagi kelgusi besh yillik vazifalar belgilab olindi. Bu o‘rinda mehnat muhitini yanada yaxshilash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jamoa shartnomasini samarali amalga oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda kelgusida bajariladigan  ishlar haqida so‘z bormoqda.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi va ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech