O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-16-son Farmonida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiyani tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mazkur, topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
Farmon loyihasi shaxs turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Farmon loyihasi inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada oshirish maqsadiga qaratilgan tadbirlardan iborat.
Shuningdek, Farmon loyihasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash nazarda tutilgan.
Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 6 ta yo‘nalishdan iborat chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan, jumladan: shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish; iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarni himoya qilish; aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish; inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini takomillashtirish; inson huquqlari sohasidagi ta’lim faoliyati samaradorligini oshirish;inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar nazarda tutilgan.
Shu bilan bog‘liq ravishda, Farmon «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz saytiga joylashtirilgan.
- Qo'shildi: 21.04.2025
- Ko'rishlar: 162
- Chop etish