7-may kuni poytaxtimizdagi «Renessans» kino uyida O‘zbekiston Milliy media birlashmasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan an’anaviy «Birlashish nuqtasi» xalqaro media forumi ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Bu yil to‘rtinchi bor o‘tkazilgan media-anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro press-klub, shuningdek, YUNESKO hamda AICA (Central Asia Association of Artificial Intelligence) mintaqaviy tuzilmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumda mamlakatimiz media sohasi vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar ekspertlari, matbuot kotiblari, jurnalistlar, blogerlar, ta’lim sohasi namoyandalari, O‘zbekiston Milliy media birlashmasiga a’zo teleradiokanallar ijodkorlari, yosh innovatorlar, texnologik startaplar asoschilari, shuningdek, investorlar va tadbirkorlar qatnashdi. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidan – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzayev ishtirok etdi.
Xalqaro forumda dastavval YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Sayidjonov, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, sohaga aloqador tashkilotlar va yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari so‘zga chiqdilar. Jonli muloqotlarda, shuningdek, mamlakatimiz hududlaridan kelgan jurnalistlar, Markaziy Osiyo mamlakatlarining sohaga tegishli tashkilotlari ekspertlari faol qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar so‘z va matbuot erkinligi bilan bog‘liq hozirgi vaziyatni teran va xolis, qizg‘in va tanqidiy ruhda muhokama qildilar. Yangi O‘zbekiston uchun so‘z erkinligi – shunchaki shior emas, balki ochiq va zamonaviy axborot jamiyatini barpo etish yo‘lidagi qat’iy azmu qaror va qaytmas qadam, aniq va samarador sa’y-harakatlar ekani e’tirof etildi.
Ushbu xalqaro media forum 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan o‘tkazildi. Shu bois mamlakatimizda, butun mintaqamizda so‘z erkinligi va matbuot erkinligini to‘la ta’minlash, milliy media mahsulotlarini yaratish va mediasavodxonlik istiqbollari, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada taraqqiy ettirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda atroflicha fikr almashilgani ayni muddao bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni 1993-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan. Chunki 1991-yil 3 may kuni Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Vindxuk deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, mazkur Deklaratsiyada bayon etilgan matbuot erkinligini ta’minlashga doir talablar shu xalqaro sananing ta’sis etilishiga turtki bo‘lgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topgan. Keyingi davrda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirildi.
Xususan, xalqimiz 2023-yil 30-aprel kuni referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.05.2025
- Ko'rishlar: 106
- Chop etish