13-may kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida inson huquqlariga oid yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyat Axborot-kutubxona markazi jamoasi va kitobxonlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i K.Olimova taqdimotda so‘z olib, har bir inson o‘z huquqlarini bilishi va ularni amalga oshirishi uchun o‘z huquqlari va erkinliklari haqida ta’lim va ma’rifat orqali xabardor bo‘lishi muhim ahamiyatga egaligi haqida gapirdi. Shuningdek, taqdim etilayotgan to‘plam, risola va jurnallarning ma’no-mohiyatiga atroflicha to‘xtaldi.
Yangi kitoblar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” ilmiy-ma’rifiy jurnalida inson huquqlari, gender tenglik, bola huquqlari kabi qator dolzarb masalalar keng yoritilgan. Buxorolik tadqiqotchilar inson huquqlari sohasidagi ilmiy yangiliklardan xabardor bo‘lishi va o‘z tadqiqotlarini takomillashtirishida ushbu nashrlar foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng yangi nashr etilgan kitob-jurnallar jamlanmasi viloyat axborot-kutubxona markazining «Konstitutsiya va inson huquqlari burchagi»ni boyitish uchun topshirildi. Shu o‘rinda ayni ma’rifiy burchakka Milliy markaz tomonidan asos solinganini ta’kidlash lozim.
Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi direktori N.Aminova taqdim etilgan kitoblar uchun minnatdorchilik bildirdi. U rahbarlik qilayotgan ma’rifat muassasasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan muntazam va samarali hamkorlik qilib kelayotganini qayd etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.05.2025
- Ko'rishlar: 127
- Chop etish