“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!”

Iyun oyidan boshlab shu nomdagi dasturni amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15-mayda qabul qilingan “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilgan. Hujjatda 2025-yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra, xususan, respublika hududlariga 15,8 million nafar xorijiy turistning safarlari tashkil etiladi. Turizm xizmatlari eksporti 4 milliard AQSH dollariga yetkaziladi.

Bahrayn Qirolligi, Kuvayt va O‘mon Sultonligi fuqarolari uchun 2025-yil 1-iyundan O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi. Shuningdek, 2025-yildan har yili 30-noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi.

Xorijiy mamlakatlardan sayyohlar oqimini kengaytirish maqsadida 14 ta Airbus samolyotini sotib olish va yana beshtasini ijaraga olish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Bundan tashqari, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yildan har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech