22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida shu mavzuda ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Tadbirni Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochdi.
Anjumanda yuridik fanlar doktorlari, professorlar – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev va boshqalar ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy anjumanda asosiy e’tibor mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini amalga oshirishda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasiga qaratildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda jamoat xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish borasida innovatsion yechimlar berish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
So‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarining rivojlanishi, xususan, favqulodda vaziyatlar organlari xodimlarining mehnat huquqlari himoya qilinishi joriy holatini tahlil qildilar. Bundan tashqari, favqulodda holatlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida aholining huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda cheklashning konstitutsiyaviy va huquqiy asoslari atroflicha muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan takliflar bildirildi.
Anjuman yakunida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.05.2025
- Ko'rishlar: 286
- Chop etish