26-may kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyiga Ozarbayjon Respublikasi Ombudsmani Matbuot kotibi Araz Askerli tashrif buyurdi. O‘zbekiston Respublikasi Biznes-Ombudsmani Matbuot kotibi Guljamol Shukurova hamrohligidagi mehmonni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari kutib oldilar.
Araz Askerli Inson huquqlari uyi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Muloqot asnosida mehmonga Inson huquqlari uyi faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar, mazkur ma’rifiy maskanda yaratilgan sharoitlar, elektron kitoblar, audio va video manbalar orqali inson huquqlariga oid ma’lumotlarni olish imkoniyatlari haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi.
Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i H.Mo‘minov Inson huquqlari uyi negizida qisqa davrda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantirilgani hamda rivojlantirilayotganini ma’lum qildi.
Araz Askerli, jumladan, “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda saqlanayotgan noyob nashrlar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tomonlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik hamda hamkorlik istiqbollarini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar. Shu nuqtayi nazardan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Ozarbayjon Respublikasi Ombudsmanining hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.05.2025
- Ko'rishlar: 274
- Chop etish