Toshkentda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan “Bolalar uchun muloqot: Markaziy Osiyo va YUNISEF” mavzusida yuqori darajali forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakolatxonalari, “Zamin” fondi mas’ullari, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Umumiy ustuvor yo‘nalishlar, samarali strategiya va qo‘shma tashabbuslarni belgilash orqali onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, ayniqsa bolalar onkologiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan anjuman xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay maydonga aylandi.
– Har bir bola salomatligi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga qat’iy qaror qilganmiz, – dedi forum ishtirokchilariga murojaatda “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva. – Pediatriya xizmatida ko‘p tarmoqli yondashuv, jumladan onkologik kasalliklarga qarshi kurash dasturlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Baxtiyor bolalarning shodon kulgusi, ota-onalar xotirjamligi va to‘la ishonchi bizning asosiy yutug‘imizdir.
Markaziy Osiyo davlatlari birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kuchaytirish orqali bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartga sodiqligini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan tadbirda ayni yo‘nalishni rivojlantirish mintaqada sog‘liqni saqlash xizmati bilan to‘liq qamrab olishga erishishning muhim omili sifatida qayd etildi.
– Markaziy Osiyoda sog‘liqni saqlash tizimi ikki tomonlama yuklamaga duch kelmoqda: yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda onalar va bolalar o‘limi sohasidagi tugallanmagan vazifalar, – deydi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel. – Birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish esa ushbu masalalarni hal qilish uchun iqtisodiy jihatdan eng samarali va to‘g‘ri strategiya.
Anjumanda bolalar va o‘smirlarga onkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tizimni davlat dasturlari bilan uyg‘unlashtirib, izchil profilaktikani yo‘lga qo‘yish, erta tashhis qo‘yish va davolash, malakali kadrlar tayyorlash, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jarayonni raqamli monitoring bilan qamrab olish zarurligi ta’kidlandi. Hamrohlik xizmati klinik yordam doirasidan chiqib, ota-ona, o‘zaro yordam guruhi va oilaviy maslahatni birlashtirishi, bolani oilada va ijtimoiy muhitda qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Ishtirokchilarga onlayn murojaat yo‘llagan JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlarining ona va bola salomatligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatini olqishlab, shunday dedi:
– Bolalar salomatligi – xalqning sog‘lomligi. Bu inson kapitaliga, ijtimoiy barqarorlik va barchamiz birgalikda qurayotgan kelajakka kiritilayotgan eng foydali sarmoyadir. JSST har doim bu yo‘lda siz bilan olg‘a borishga tayyor.
Forum yakunida ishtirokchi davlatlar tomonidan YUNISEF va JSST ko‘magida bolalar va o‘smirlar salomatligi sohasida hukumatlar, akademik hamjamiyat, sheriklar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan deklaratsiya qabul qilindi.
Muharrama Pirmatova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2025
- Ko'rishlar: 183
- Chop etish