27-28-may kunlari Doha shahrida sun’iy intellekt va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Qatar davlati Inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu konferensiyada turli mamlakatlardan davlat tashkilotlari va xalqaro huquqni himoya qilish institutlari, ekspert va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning birinchi kuni doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Qatar davlati Inson huquqlari qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdulloh al-Attiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar inson huquqlarini, shu jumladan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishini inobatga olgan holda ta’minlash va himoya qilish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Texnologik o‘zgarishlar sharoitida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilishning ahamiyati, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar doirasida sun’iy intellektdan foydalanishni huquqiy tartibga solish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Maryam bint Abdulloh al-Attiya O‘zbekiston delegatsiyasining konferensiyadagi ishtirokini ma’qullab, sun’iy intellektdan axloqiy foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotda milliy inson huquqlari institutlarining ishtiroki muhimligini ta’kidladi. U O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning yuksak darajasini qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov mezbon tomonga – Qatar Inson huquqlari qo‘mitasi raisiga konferensiya yuqori darajada tashkil etilgani va unga taklif qilingani uchun minnatdorchilik bildirdi. Delegatsiya rahbari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikning izchilligini saqlab qolish muhimligini ta’kidlab, konferensiya tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish uchun maqbul maydon bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, konferensiya doirasida A.Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, jumladan, shartnomaviy organlar rahbarlari, maxsus ma’ruzachilar hamda Arab mintaqasi mamlakatlari, Yangi Zelandiya, Turkiya, Ozarbayjon, Ummon, Jazoyir, Norvegiya va Mo‘g‘ulistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari rahbarlari bilan alohida suhbatlar o‘tkazdi. Muloqotlarda Inson huquqlariga rioya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, xalqaro miqyosda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, tajriba almashish, qo‘shma ekspertlik tadbirlarini o‘tkazish va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro platformalarda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish borasida o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.05.2025
- Ko'rishlar: 186
- Chop etish