2-iyun kuni Inson huquqlari uyida “Otamning hovlisi” nomli she’riy kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi – shoir, tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub yangi kitob 2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili munosabati bilan nashr etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov taqdimotni ochar ekan, ushbu tadbir aynan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no borligini qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 mln nafardan ko‘proqni, ya’ni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Bu salmoq har yili taxminan 1 million nafarga ko‘paymoqda.
Shu ikki raqamning o‘zi ham Yangi O‘zbekistonda bolalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Binobarin, mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash eng ustuvor masala hisoblanadi.
Yangi kitob aynan bolalarga bag‘ishlangan. Uning sahifalaridan joy olgan she’rlarda bolalar va atrof-muhit, tabiat va she’riyat, inson huquqlari va ekologiya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik ravon hamda tushunarli tarzda talqin etilgan.
Ma’lumki, bugungi kunda ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. Iqlim inqirozi va tabiat ofatlaridan har bir inson aziyat chekmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi uchun eng kam javobgar insonlar – bolalar eng ko‘p jabr ko‘rmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga muntazam e’tibor qaratilayotgani juda muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2017-yil 19-aprelda Parij bitimini ratifikatsiya qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Bolalar, yoshlar hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar mustahkamlandi. Bu muhim huquqiy qadamlar mamlakatimiz tom ma’noda bolajonlarimizning baxtli hayoti va yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining yaqqol ifodasidir.
Taqdimotda "Tong yulduzi" gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Dilshod Rajab, «Klass» gazetasi bosh muharriri Margarita Arutyunova va boshqalar so‘zga chiqib, tabiat, ijod va inson huquqlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning ahamiyati haqida to‘xtaldilar. Yangi she’riy to‘plam bolalar va o‘smirlar kutgan qiziqarli kitob ekani e’tirof etildi.
“Otamning hovlisi” kitobi – tabiatga mehrning nazmiy va tasviriy hamohanglikdagi o‘ziga xos tarannumidir. Ushbu kitobdan “Inson huquqlari – bolalar nigohida”, “Boylikni bolalikdan asrang!”, “Onajonim tabiat” singari tanlovlarga kelgan rango-rang rasmlar ham joy olgan.
Tadbir yakunida bolalar mushoirasi o‘tkazildi. Mushoirada faollik ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarga, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kitoblar taqdim etildi. Ushbu kitobda rasmlari chiqqan bolajonlarimizga ham kitob yetkazib beriladigan bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.06.2025
- Ko'rishlar: 268
- Chop etish