“Iqlim o‘zgarishi va ekologiya – bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

2-iyun kuni Inson huquqlari uyida “Iqlim o‘zgarishi va ekologiya – bolalar nigohida” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Tong yulduzi” hamda “Klass!” respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari tahririyatlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taqdirlash marosimini ochar ekan, ushbu tanlov 2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili hamda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlanganiga e’tiborni qaratdi. Tanlovga shu yil 12-fevral kuni start berilgandi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda davom etayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish va ekologiya sohasidagi bilimni rag‘batlantirish orqali bolalar va o‘smirlarda ekologik madaniyatni shakllantirishdan iborat. Shuningdek, bolalar va o‘smirlarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini oldini olishga doir ekologik dunyoqarashni kengaytirish va ilg‘or g‘oyalar mualliflarini rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Qisqa vaqt ichida yosh ijodkorlardan “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari tahririyatiga 300 dan ortiq material va ijodiy ishlar kelib tushdi. Mazkur materiallar va ijodiy ishlar bir-birini takrorlamagan holda, yosh ijodkorlarning o‘smirlar dunyosiga va tabiatga qiziqishlarini yaqqol ko‘rsatib bergani bilan qimmatlidir. Har bir yosh ijodkor yaratgan ijod namunasida o‘ziga xos yondashuvni ko‘rish mumkin.

Ikki bosqichda – “Eng yaxshi maqola va insho”, “Eng yaxshi video rolik” nominatsiyalari bo‘yicha aniqlangan tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini jo‘sh urdirish, ularni tabiatga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash va atrof-muhitni asrab-avaylash, xususan, ekologiya sohasidagi bilimlarini har doim oshirib borish muhimligini ta’kidladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech