Notariuslarning Milliy kongressida akademik Akmal Saidov ma’ruza qildi

31-may kuni Namangan shahrida O‘zbekiston notariuslarining II Milliy kongressi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Notarial palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir “Ko‘chmas mulk: Rasmiylashtirish. Muammolar. Takliflar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Palata raisi Dilshod Ashurov moderatorlik qilgan Kongress ishida 300 ga yaqin mutaxassis, jumladan, Adliya vazirligi, sud organlari, Yuristlar malakasini oshirish instituti, Kadastr agentligi, notariat sohasining milliy va xalqaro ekspertlari hamda mamlakatimizning barcha hududlaridan notariuslar ishtirok etdi. Rossiya, Armaniston va Ozarbayjondan taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ham tadbirda faol qatnashdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov “Mulk huquqlarini ro‘yxatga olishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada dastavval ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish jarayonida fuqarolarning asosiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik, oshkoralik va adolat prinsiplarini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

A. Saidov mulk huquqi insonning ajralmas huquqlaridan biri ekanligini ta’kidlab, uning davlat tomonidan samarali himoya qilinishi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga mos bo‘lishi lozimligini qayd etdi. Shu bilan birga, bu boradagi muammolarning yechimi sifatida notariuslar, sudlar va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi huquqiy ongini yuksaltirish taklif etildi.

Kongress doirasida, shuningdek, Adliya vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Mahmudjon Hotamov, Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmasi vakili Dilshod Sotvoldiyev va boshqalarning chiqishlari tinglandi. Jumladan, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan ishtirok etgan notarius O‘tkir Muxtorovning amaliyotda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan ma’ruzasi ham ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida, Namangan viloyati sudi sudyasi Nodira Ahadova notarial bitimlardan kelib chiqqan nizolarni hal etish bo‘yicha sud amaliyoti haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xorijiy ekspertlar o‘z davlatlarida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Kongress yakunida mulkka oid munosabatlarda inson huquqlarini ta’minlash, zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, mulk huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish borasida tavsiya etilgan bir qator takliflar umumlashtirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech