Akademik Akmal Saidov Namangan davlat universitetida talaba-yoshlar bilan uchrashdi

31-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov Namangan davlat universitetida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, inson huquqlarini ta’minlashdagi ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida keng qamrovli fikr-mulohazalar bildirildi.

Universitet rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev “Akademik va yoshlar” ruknidagi uchrashuvni ochar ekan, mehmonning ilmiy va amaliy faoliyatiga alohida to‘xtaldi.

Akademik Akmal Saidov nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro maydonda ham yuksak e’tirof etilgan yetakchi huquqshunos, tajribali diplomat va taniqli jamoat arbobi sifatida tan olinganini ta’kidladi. Mashhur o‘zbek huquqshunosi bir qator xalqaro yuristlar assotsiatsiyalari, yirik huquqiy institutlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda, ko‘plab fundamental asar va darsliklar muallifi hisoblanadi.

Akademik A.Saidov talaba-yoshlar bilan jonli muloqotda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil to‘xtaldi. U Konstitutsiyaning har bir bandi zamonaviy davlat qurilishi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi eng ilg‘or tamoyillarga asoslanganini ta’kidladi.

Jumladan, Asosiy qonunimizda inson sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat etib belgilangan. Ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi, gender tenglik, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish kabi masalalarga alohida urg‘u berilgan.

Muloqot asnosida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli, ularning xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro aloqalari, milliy qonunchilikning xalqaro standartlarga uyg‘unlashuvi kabi mavzular ham muhokama qilindi.

Uchrashuv talabalar uchun nafaqat nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, huquqiy tafakkur va madaniyatni mustahkamlash borasida muhim qadam bo‘ldi. Akademik A.Saidov yoshlarga murojaat qilar ekan, bugungi kunda har bir fuqarodan yuksak huquqiy savodxonlik, mas’uliyat va fuqarolik pozitsiyasi talab etilayotganini qayd etdi.

Talabalar ham savollar bilan chiqib, huquqshunoslik sohasidagi dolzarb muammolar, adabiyot va huquqning o‘zaro bog‘liqligi, inson huquqlari bilan bog‘liq xalqaro sud mexanizmlari, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori kabi masalalar yuzasidan fikr bildirdilar.

Uchrashuv so‘ngida akademik Akmal Saidov o‘zining turli yillarda chop etilgan, huquqshunoslik, xalqaro huquq, konstitutsiyaviy tizim, inson huquqlari bo‘yicha yozilgan 100 dan ortiq kitobini Universitet kutubxonasiga sovg‘a qildi.

O‘z navbatida, Namangan davlat universiteti rahbariyati mehmonga Universitet ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alarini topshirdi. Taniqli huquqshunos olim ushbu oliy ta’lim dargohi talaba-yoshlari uchun huquqiy-ma’naviy yetakchi sifatida e’tirof etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Namangan davlat universiteti

Powered by GSpeech