Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Tong yulduzi" hamda "Klass!" respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari tahririyatlari hamkorligida tashkil etilgan "Iqlim o‘zgarishi va ekologiya - bolalar nigohida" tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Milliy markaz direktori Akmal Saidov olib bordi. Ma’lum qilinishicha, tanlovga 2025 yil 12 fevral sanasida start berilgan bo‘lib, qisqa muddat ichida "Tong yulduzi" va "Klass!" tahririyatlariga 300 dan ortiq maqola, insho va boshqa ijodiy ishlar kelib tushgan.
Marosim davomida tanlov ishtirokchilari tomonidan yuborilgan ayrim ijodiy ishlardan namunalar o‘qib eshittirildi, videoroliklar namoyish etildi. Yosh ijodkorlarning ijodiy ishlarida ularning tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbati, ekologik muammolarga befarq emasligi va har bir ishda o‘ziga xos yondashuv yaqqol namoyon bo‘ldi.
G‘oliblar "Eng yaxshi maqola va insho" hamda "Eng yaxshi videorolik" nominatsiyalari bo‘yicha diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash, ekologik bilimlarini oshirish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Umidjon Qurbonov, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 03.06.2025
- Ko'rishlar: 283
- Chop etish