Inson huquqlari uyida bolalarga bag‘ishlangan she’riy kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida taniqli shoir, tarjimon va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning "Otamning hovlisi" nomli yangi she’riy kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbirini Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov ochib berdi. U mazkur tadbirning Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no borligini ta’kidladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 mln nafardan ko‘proqni, ya’ni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Bu salmoq har yili taxminan 1 million nafarga ko‘paymoqda.

Shu ikki raqamning o‘zi ham Yangi O‘zbekistonda bolalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Binobarin, mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash eng ustuvor masala hisoblanadi.

   

"Otamning hovlisi" kitobi aynan bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda joy olgan she’rlarda bolalar va atrof-muhit, tabiat va she’riyat, inson huquqlari va ekologiya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik ravon hamda tushunarli tarzda bayon etilgan. 

Taqdimot chog‘ida "Tong yulduzi" gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar shoiri Dilshod Rajab va boshqa mehmonlar so‘zga chiqib, kitobning badiiy, tarbiyaviy va ekologik ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Kitobda "Inson huquqlari bolalar nigohida", "Boylikni bolalikdan asrang!", "Onajonim tabiat" kabi tanlovlarga kelgan bolalarning rang-barang rasmlari ham joy olgan bo‘lib, bu uni yanada jozibador qilgan.

Tadbir yakunida bolalar mushoirasi o‘tkazildi. Mushoirada faollik ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarga kitoblar taqdim etildi.

Umidjon Qurbonov, Oybek Pardayev (surat), O‘zA

Powered by GSpeech