Qirg‘iziston parlamentida Chingiz Aytmatov nomidagi institut vakillari bilan uchrashuv

9-iyun kuni Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rag‘asi (Raisi) Nurlanbek Turg‘unbek uulu Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Turkiya Respublikasidagi Chingiz Aytmatov nomidagi institut rahbari, professor Ilyas Tupsakal boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, TURKSOY Bosh kotibi, mashhur qirg‘iz adibi Sulton Rayev va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi.

Tomonlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, xususan, madaniyat va san’at arboblarining o‘zaro ijodiy aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Muloqot asnosida 1993-yili ta’sis etilgan TURKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti faoliyati doirasida bu borada izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, 2025-yil boshida Anqarada ochilgan Chingiz Aytmatov nomidagi institutning asosiy vazifasi turkiy dunyoning atoqli adibi ijodi, g‘oyalari, merosi va intellektual dunyoqarashini xalqaro miqyosda ommalashtirish va targ‘ib qilish hamda Chingiz Aytmatov g‘oyalari nuqtayi nazaridan zamonaviy global dunyo muammolariga bag‘ishlangan muloqot maydonlari yaratishdan iborat ekanligi haqida so‘z yuritildi. Institut tashabbusi bilan Chingiz Aytmatov asarlarini turkiy yozuvda nashr etish masalasi ko‘tarilgani qayd etildi.

 

Ma’lumot uchun: Joriy yilning 10-14-iyun kunlari Bishkek shahrida «Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi» mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Forum tashkilotchilari – TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibiyati va Chingiz Aytmatov nomidagi institut hisoblanadi.

Chingiz Aytmatov instituti direktorlar kengashiga 14 kishi kiritilgan. Ular orasida Turkiyaning taniqli siyosiy, madaniy, intellektual va ishbilarmon doiralari vakillari hamda xorijiy arboblar bor. Akademik A.Saidov ham Institut direktorlar kengashi a’zosidir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech