9-iyun kuni Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Turkiya Respublikasidagi Chingiz Aytmatov nomidagi institut rahbari, professor Ilyas Tupsakal boshchiligidagi rasmiy delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda "Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi" xalqaro forumi delegatsiyasi vakillari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Ozarbayjon Respublikasi xalq rassomi Sakit Mammadov ishtirok etdi. Uchrashuvda TURKSOY Bosh kotibi, mashhur qirg‘iz adibi Sulton Rayev ham qatnashdi.
Tomonlar XX asrning eng buyuk donishmandlaridan biri, betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov ijodiy va ma’naviy merosining butun turkiy dunyo uchun ahamiyatini, shuningdek, atoqli adibning Sharq va G‘arb madaniyatlarini birlashtirgan umuminsoniy gumanist sifatidagi rolini ta’kidladilar. Chingiz Aytmatovning turkiy tilli xalqlarning yakdil insonparvarlik va madaniy qadriyatlarini shakllantirishdagi munosib hissasiga alohida e’tibor qaratildi.
Vazir M. Mambetaliyev turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani va izchil rivojlantirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun TURKSOY xalqaro tashkilotiga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlarning madaniyat, ta’lim va davlatlararo tashabbuslarni amalga oshirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi yana bir bor tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.06.2025
- Ko'rishlar: 307
- Chop etish