Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi “Inson huquqlari ta’limi – gender tengligi, iqlim adolati va raqamli inklyuziya sari qadam!” shiori ostida «Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovini e’lon qiladi.
Milliy tanlov Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi (2025 – 2029-yillar), BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligi munosabati bilan, shuningdek, 2025-yil – Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yiliga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida tashkil etilmoqda.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
– Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi;
– Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma va elektron o‘quv adabiyoti;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqola: eng yaxshi ilmiy maqola va eng yaxshi ommabop maqola;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi bilimdon;
– Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi (nomzod o‘z g‘oyasi va takliflarini taqdimot shaklida izohlab beradi).
Ushbu tanlovning maqsadi inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlarni, shuningdek, mamlakat aholisi o‘rtasida inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdir.
Tanlov bo‘yicha materiallar 2025-yil 10-iyundan – 1-noyabrga qadar qabul qilinadi.
Ishtirok etish uchun elektron arizani to‘ldirishingiz va tanlov materiallari bilan birga konkurs2025@nhrc.uz elektron manziliga 2025-yil 1-noyabrdan kechiktirmay jo‘natishingiz lozim.
Tanlov g‘oliblari dekabr oyida, Xalqaro inson huquqlari kunida e’lon qilinadi va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanadilar.
- Qo'shildi: 11.06.2025
- Ko'rishlar: 240
- Chop etish