Bishkekda Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi ochildi

10-iyun kuni Bishkek shahrida joylashgan Gapar Aytiyev nomidagi Milliy tasviriy san’at muzeyida atoqli adib Chingiz Aytmatovning hayot yo‘li va ijodidan ruhlanib yaratilgan rasmlar ko‘rgazmasi ochildi. Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir «Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi» mavzusidagi xalqaro forum doirasida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Anqara shahridagi Chingiz Aytmatov instituti rahbari professor Ilyas Tupsakal, ushbu Institut direktorlar kengashi a’zolari, Qirg‘iziston davlat organlari namoyandalari, jamoat arboblari, olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari qatnashdi.

Forum ishtirokchisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ta’kidlaganidek, bugungi kunda butun dunyoda tabiat, madaniyat, adabiyot va san’atga e’tibor ayniqsa ortib bormoqda. Shu ma’noda, atoqli adibning farzandi, Chingiz Aytmatov Fondi prezidenti Eldor Aytmatov tashabbusi bilan Qirg‘iziston poytaxtidagi mashhur muzeyda ushbu ko‘rgazma tashkil etilgani har qancha tahsinga sazovor.

Ma’lumot uchun: Gapar Aytiyev nomidagi Milliy tasviriy san’at muzeyiga 1935-yilda asos solingan. Dastlab Qirg‘iziston rasmlar galereyasi deb atalgan mazkur muzeyga keyinchalik mashhur qirg‘iz rassomi Gapar Aytiyev nomi berilgan. Muzey Qirg‘izistonning yetakchi badiiy xazinasi bo‘lib, bu yerda qariyb 18 mingta san’at asari jamlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech