Aholining zaif qatlamlari huquq va imkoniyatlarini kengaytirish: yutuq va muammolar

12-iyun kuni Toshkent shahrida “Samarali va barqaror fuqarolik jamiyatini barpo etish orqali zaif qatlamlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Minority Rights Group Europe» dasturi va Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda zaif guruhlar huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni muhokama qildilar.

Tadbir ochilishida «Minority Rights Group Europe» dasturi muvofiqlashtiruvchisi Nurangiz Hojarova, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Dilovar Kabulova va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova so‘zga chiqdi. Shuningdek, asosiy ma’ruzachi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Ripmaning chiqishi tinglandi.

Xususan, D.Muratova Milliy markaz inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni amalga oshirishda muhim davlat instituti hisoblanishini qayd etdi. Milliy ma’ruzalar tayyorlash va BMTning tegishli qo‘mitalariga taqdim etish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini ta’minlash, milliy strategiya va yo‘l xaritalarini amalga oshirish orqali xalqaro shartnomalar qoidalari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelayotganligini ta’kidladi.

BMTning Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish holati bo‘yicha ham qisqa axborot berildi.

Ishtirokchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida zaif qatlamlar uchun barchaga teng imkoniyatlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning infratuzilma va jamoat xizmatlaridan erkin foydalanishini ta’minlash zarurligi yuzasidan atroflicha fikrlashdilar. Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash va ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Konferensiya doirasida bir qator mavzularga oid sessiyalar tashkil etildi. Xususan, «Zaif guruhlar huquqlarini himoya qilish: xalqaro normalar, kamsitishga qarshi ichki qonunchilik va siyosat», «Zaifliklar kesishuvi: ijtimoiy zaif guruhlarni himoya qilishga inklyuziv yondashuv», «O‘zbekistonda etnik guruhlarning huquqlarini himoya qilish va kengaytirishda milliy madaniyat markazlarining o‘rni» kabi mavzularga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda zaif guruhlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyati tashkilotlarini moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish, ta’lim va ish bilan ta’minlash sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech