Ostonada O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar samaralari taqdim etildi

12-iyunda Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ham ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillaboyev yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy qoidalari, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi. Ma’ruzada milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha konstitutsiyaviy o‘zgarishlar natijalariga, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlarini rivojlantirish va himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarini inobatga olgan holda, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiya loyihasi tayyorlanganiga alohida e’tibor qaratildi.

"Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar. Qonun va tartib" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman Qozog‘iston Adliya vazirligi va mamlakatning Qonunchilik va huquqiy axborot instituti tomonidan tashkil etildi. Unda Qozog‘istonni konstitutsiyaviy modernizatsiya qilishning asosiy jihatlari, bu yangilanishlarning mamlakat siyosiy-huquqiy tizimiga ta’siri, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir Qozog‘iston va xorijiy mamlakatlar davlat hokimiyati idoralari hamda ilmiy hamjamiyatlari vakillari o‘rtasida professional muloqot maydoniga aylandi.

Ishtirokchilarga Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Yerjan Jiyenbayev, Oliy sud raisi Aslambek Mergaliyev, Sudyalar oliy kengashi raisi Dmitriy Malaxov, adliya vaziri Yerlan Sarsembayev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisi Asxat Jumagali va Moliyaviy monitoring agentligi raisi Janat Elimanov, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.

"Davlat rahbari tashabbusi bilan 2022-yilda kiritilgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Qozog‘iston jamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va davlatimiz taraqqiyotida yangi bosqich bo‘ldi. Siyosiy tizimni tubdan o‘zgartirish demokratik institutlarni mustahkamlash uchun sharoit yaratdi va fuqarolar huquqlarini himoya qilish kafolatini ta’minladi. Davlat boshqaruvi modernizatsiya qilindi, uning asosida "Eshituvchi davlat" tamoyili yotadi," – dedi Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining huquqiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Yerjan Jiyenbayev o‘z nutqida.

Anjumanga Qonunchilik va huquqiy axborot instituti direktori, professor Indira Aubakirova va Parlament Majlisi deputati, professor Marat Bashimov moderatorlik qildi.

Ma’ruzachilar orasida oliy sud va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, parlament deputatlari, Qozog‘istonning yetakchi olimlari, Germaniya, Italiya, Rossiya va O‘zbekistondan kelgan professorlar bor edi.

Ma’ruzalar konstitutsiyaviy odil sudlov va sud islohotlaridan tortib, inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy tizimlarning qiyosiy tahliligacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzularni qamrab oldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech