AKMAL SAIDOV  FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASI BITIRUVCHILARINING TANTANALI TADBIRIDA QATNASHDI

14-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va “leytenant” harbiy unvonini topshirish tantanali tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Vazirlar Mahkamasi, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti va boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalari rahbarlari, taniqli olimlar va san’atkorlar, faxriylar, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Botir Qudratxo‘jayev so‘zga chiqib, vazirlik tizimida xizmat qilish sharafli ishligini, xalqimizning og‘irini yengil qilish, mashaqqatli mehnat evaziga yaratilgan moddiy boyliklarni, eng muhimi, insonlar hayotini turli tabiiy ofatlardan, texnogen avariyalardan qutqarish, asrash eng katta savobli amallardan ekanligini qayd etdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida vazirlik zamonaviy texnika va qutqaruv asbob-anjomlari bilan ta’minlangani, xalqimiz uchun yaqin, kerakli va ishonchli tuzilmaga aylantirilgani, soha mutaxassislarini tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Bitiruvchilarga diplom va “leytenant” harbiy unvoni generallar, akademiklar va boshqa mas’ul shaxslar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning fikricha, har qanday davlatning jadal rivojlanishi, yorqin yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga qaratiladigan yuksak e’tiboru g‘amxo‘rlik  darajasiga chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonning milliy taraqqiyot yo‘li bunga yaqqol misoldir.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, yoshlarimiz haqli ravishda jonajon Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodirligi, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Haqiqatan ham, o‘z bilim va iste’dodini Vatanimizga munosib farzand bo‘lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog‘lagan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi bitiruvchilari kabi dadil yoshlar – Yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir. Bugungi navqiron ofitserlar, hech shubhasiz, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda mohirona qo‘llaydilar hamda mustaqil yurtimiz obodligi va jonajon xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga bor kuchu shijoatlarini safarbar etadilar.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech