O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Mustaqillikning 34-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.
Hujjat muqaddimasida ta’kidlanganidek, 1991 yil 31 avgustda mard va oliyjanob xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi tarixiy sharoitda har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining ana shunday ulkan ahamiyatini inobatga olib, milliy istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik shonli sanasini Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlash maqsadida quyidagi 2 ta hujjat:
birinchisi – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarining g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasi;
ikkinchisi – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasiga, jumladan, joylarda Mustaqillik bayramining yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, umumxalq sayillari, madaniyat va sport tadbirlarini samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkorlar, madaniyat va san’at arboblari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berish vazifasi yuklandi.
Qarorda Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda alohida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar qayd etildi. Shu asosda Mustaqillik bayramini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Bayram tadbirlari doirasida, shuningdek, “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar ham o‘tkaziladi. Tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinadi va tantanali ravishda taqdirlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.07.2025
- Ko'rishlar: 238
- Chop etish