URUMCHI, 1-avgust. /"Dunyo" AA/. Xitoyning Shinjon-Uyg'ur avtonom rayoniga amaliy safar bilan bugun kelgan O'zbekiston delegatsiyasi vakillari Urumchi xalqaro quruqlik porti faoliyati bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Urumchi xalqaro quruqlik porti 2011-yilda tashkil etilgan. Mazkur yirik loyihani amalga oshirishdan maqsad Xitoyni Yevropa bozorlari bilan bog'lashdir. Ushbu port orqali jo'natilayotgan yuk poyezdlari va avtomobillarning bir qismi Qozog'iston, O'zbekiston, Afg'oniston, Eron orqali G'arbiy Osiyoga kirib boradi. Mazkur port tashkil etilganidan buyon Xitoydan Yevropaga 6700 ta yuk poyezdi yuborilgan.
Ayni paytda bu yerdan dunyoning 19 davlati va 26 shahriga yuklar jo'natilyapti. E'tiborlisi, 2022-yil 30-iyulda Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston birinchi yuk poyezdining harakati yo'lga quyildi. O'zbekiston vakillari portda yaratilgan imkoniyatlar, yuklarni saqlash va jo'natish bo'yicha sharoitlar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qilinayotgan ishlar va loyihalar bilan bilan tanishdilar.
O'zbekiston delegatsiya vakillari shu kunning o'zida Urumchi xalqaro to'qimachilik savdo markazida bo'ldi.
Xitoydagi yirik xalqaro to'qimachilik savdo markazlaridan biri bo'lgan ushbu majmua logistika markazi, to'qimachilik va paxtachilik sanoati tarixi muzeyi va shou-rumni o'z ichiga oladi.
Markazdagi shou-rumda Shinjon-Uygur avtonom rayonida yetishtirilgan paxtadan tayyorlangan milliy matolar va to'qimachilik mahsulotlari namoyish etilmoqda. Shuningdek, iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari salohiyati taqdim etilmoqda.
Urumchi xalqaro to'qimachilik savdo markazidagi mahsulotlar sifati va arzonligi bilan xalqaro bozorlar e'tiborini tortmoqda. Markaz mutasaddilarining aytishicha, logistika imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston tomoni bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha muzokaralar davom etmoqda.
- Qo'shildi: 04.08.2025
- Ko'rishlar: 170
- Chop etish