Yoshlarning muvaffaqiyatlari – mamlakatimiz kelajagi uchun tayanch

Dunyo aholisining yarmi 30 yoshdan kichik navqiron insonlardan iborat va 2030-yil oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich 57 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu yoshlarning 67 foizi yorug‘ kelajakka ishonadi. Sayyoramizdagi 15-17 yoshli bolalarning aksariyati bundan-da nekbin ekanligi kishi ruhiga quvvat, ko‘ngillarga quvonch baxsh etmasdan qolmaydi.

Shu ma’noda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi adolatli, tinch va barqaror dunyoni qurishda yoshlar taklif qilayotgan yechimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirgani bejiz emas.  Antoniu Guterrish: "Men har bir yoshga murojaat qilaman: sizning ovozingiz, g‘oyalaringiz va yetakchiligingiz qimmatli va zarur", deya butun jahon yoshlariga ishonch bildirar ekan, bu bilan yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning qobiliyati va salohiyatini yana bir bor e’tirof etdi.

Yurtimizda yoshlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan har bir tashabbus va taklif o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. 

Mamlakatimizning yoshlarga oid siyosatini xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etmoqda. O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirganligi bunga yaqqol dalildir.

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoning kam va o‘rta daromadli mamlakatlaridagi bolalarning har o‘ntasidan 6 nafari oddiy matnni o‘qiy olmaydi va mazmunini ham tushunmaydi. 

O‘zbekistonda esa yoshlarning sifatli ta’lim olishi va zamonaviy kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlarni yaratish maqsadida ta’lim muassasalariga qabul kvotalari sezilarli darajada oshirildi. Bunda so‘nggi yillarda yoshlarimizga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish davlatimiz va jamiyatimizning asosiy vazifalaridan biriga aylangani katta ahamiyat kasb etmoqda.

Yoshlarga keng imkoniyatlar yaratishdan ko‘zlangan maqsad – ularning bilimini, ijodkorligini va tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishdan iboratdir. Bu boradagi sa’y-harakatlarimiz zamirida, shuningdek, navqiron insonlarni iqtisodiy va ijtimoiy hayotga faol jalb qilishdek ezgu niyat mujassam.

Ta’lim sohasidagi faol islohotlar natijasida birgina o‘tgan yili mamlakatimizning ko‘plab yoshlari dunyo reytingida yuqori o‘rinda turuvchi “TOP-500” talik nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Ayni vaqtda qariyb 2 ming nafar o‘zbekistonlik yigit-qiz jahonning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgani ham yurtimizda ta’lim borasida yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb qilishdir. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi, ular uchun soliq imtiyozlari yaratilishi yoshlarni ish bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Bu borada banklar tomonidan 300 million dollar ajratilgan bo‘lib, bu mablag‘ yaqin orada “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming nafar yoshni va “Kelajakka qadam” loyihasi orqali 140 ming oliy o‘quv yurti bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joyli bo‘lish, ishga joylashish va dam olish huquqlarini ta’minlash uchun yetarli sharoit yaratish zarurligi belgilab qo‘yilganligi farzandlarimiz muvaffaqiyatlari uchun uchun eng asosiy omil hisoblanadi. Bu yutuqlar qaysi sohasida bo‘lishidan qat’i nazar, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch”.

 

Dildora Ahmedova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech