Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi boshlandi

18-avgust kuni 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy a’zosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi  vitse-prezidenti  Tsyan Tsyanguo boshchiligidagi delegatsiya a’zolari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mehmonlarni “Toshkent” xalqaro aeroportida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev kutib oldi.

Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasining tashrifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rahbariyati bilan uchrashuvdan boshlandi. Tashrif dasturida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida uchrashuvlar o‘tkazish belgilangan.

XXR delegatsiyasi tashrifining ikkinchi kuni  poytaxtimizda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida ilk bor nashr etilgan "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida" nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, ushbu kitob mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech