Tashabbusli byudjet jarayonlarida xalq vakillarining roli oshirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 29-avgustda “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi. Qarorning asosiy maqsadi – tashabbusli byudjet jarayonlarida xalq vakillarining rolini oshirish, saylovchilar bilan ularning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash orqali fuqarolarning faolligini ta’minlashdir.

Qarorga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tashabbusli byudjet jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasi tashkil etiladi.

Deputatlar 2026-yil 1-yanvardan boshlab har yili tashabbusli byudjet jarayonlarida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayoti va hududni rivojlantirishga ta’sir qiladigan 2 ta loyihani (har mavsumda 1 tadan) “Ochiq byudjet” axborot portalida tanlaydi. Mazkur tanlov loyihani respublika byudjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur jarayonlarda g‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga 1-yilda 2 mavsumga BHMning 8 ming baravari miqdorida mablag‘ har yilgi respublika byudjetida nazarda tutiladi.

Tashabbusli byudjet jarayonlarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti 2026-yil 1-fevraldan e’tiboran joriy etiladi.

Tashabbuskor aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foizi ixtiyoriy ravishda moliyalashtirilganda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.

Shunday qilib, mazkur qaror talablariga ko‘ra, xalq vakillari, ya’ni mahalliy Kengash deputatlari va boshqa vakillar tashabbusli byudjet jarayonlarining har bir bosqichida faol ishtirok etadi. Vakillar saylovchilar bilan muntazam aloqada bo‘lib, ularning takliflarini eshitadi, loyihalar bo‘yicha fikr-mulohazalarni yig‘adi va jarayonning shaffofligini ta’minlaydi.

Qaror doirasida tashabbusli byudjet loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, shuningdek, loyihalarning samaradorligini baholash tizimi takomillashtiriladi. Bu, o‘z navbatda, tashabbusli byudjet jarayonlarining samaradorligini oshirishga va jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech