2-sentyabr kuni yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktabda darslar boshlanib, O‘zbekiston mustaqilligining 34-yillik bayramiga uyg‘un holda “Bilimlar kuni” bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu shukuhli ayyom munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya jarayonlari tobora takomillashib borayotgani, har yili ko‘plab yangi o‘quv maskanlari barpo etilayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, maktab ishi umumxalq harakatiga aylangani – keyingi davrda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Chindan ham, ko‘zlari ilmga havas va hayajon bilan chaqnab turgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimizga yuksalish va kamolot, baxt va saodat eshiklarini ochib beradigan muqaddas dargoh – maktablarimiz ravnaqida biz xalqimiz, millatimizning yorug‘ kelajagini ko‘ramiz. Bugungi kunda o‘z oldimizga qo‘yayotgan katta-katta maqsadlarga erishishning asosiy omili, bosh kalitini, avvalo, ta’limda, maktablarimizda, deb bilamiz.
So‘nggi yillarda o‘quvchi yoshlarimiz hurmatli ustoz va murabbiylari bilan birgalikda ana shunday yuksak e’tiborni chuqur his etib, o‘qishda, ijodda, sportda, jamoat ishlarida muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani bizga albatta qo‘shimcha kuch-g‘ayrat, ilhom va ishonch bag‘ishlaydi.
Ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Prezidenti Vatanimiz o‘quvchi-yoshlari ana shunday ezgu an’analarni munosib davom ettirishi va yuksak bosqichga ko‘tarishiga komil ishonch bildirar ekan, ularga quyidagi ezgu niyatlarini izhor etdi:
“Hech qachon unutmang, maktab – bu mo‘jiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va qobiliyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan marralarga albatta yetasiz. Bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, yutuq va zafarlar tilayman”.
Ma’lumot uchun: yangi o‘quv yilida “Birinchi qo‘ng‘iroq”lar jarangi ostida 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ydi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.09.2025
- Ko'rishlar: 333
- Chop etish